Qashqadaryoda xotinini rashk qilgan er uni arralab o‘ldirdi
Qashqadaryo viloyatining Qarshi tumanida xotinini rashk qilgan er uni zanjirli arra bilan o‘ldirdi. Bu haqda “Mening yurtim” telekanalining “Markaziy studiya” dasturida xabar berildi.
Maʼlum bo‘lishicha, qotillik voqeasi 2023-yilning 25-yanvar kuni tushdan so‘ng ro‘y bergan.
2023-yilning 25-yanvar kuni ertalab soat 08:00 dan 13:00 gacha maktabda navbatchi edim. Navbatchilik paytim maktab binosiga begona kishi kirmadi. Yaʼni hamkasbimizning eri maktab binosiga kelmadi. Lekin hamkasbimiz beshinchi soatdagi darsidan so‘ng chiqib ketdi. Tushdan so‘ng ham darsi bor deb uni kutdik, lekin kelmadi. Keyin bilsak, shu voqea ro‘y bergan ekan, — deydi marhuma faoliyat yuritgan Qarshi tumanidagi 34-maktab o‘qituvchisi Gulnoza Sobirova.
Qotillik sodir etilgan mahalla masʼullarining maʼlumot berishicha, er-xotin o‘rtasida avvaldan kelishmovchilik bo‘lgan. Faollar ularni yarashtirishga uringan. Ammo ayoli haqida turli gumonda bo‘lgan er xotini bilan yarashishni xohlamagan.
“Taraqqiyot” mahallasi faoli Dilnavoz Hamroyevaning aytishicha, marhuma turmush o‘rtog‘i bilan janjali sabab besh-olti oydan beri o‘z xonadonida alohida yashab kelgan.
“Taraqqiyot” MFY raisi Ergash Xudoqulovning maʼlumot berishicha, marhuma rashk sabab o‘ldirilgan.
Xotinining telefoni eriga ulangan ekan. Eri xotinini har xil yigitlar bilan gaplashadi deb gumon qilgan. Xullas, janjalga shu rashk sabab bo‘lgan, — deydi MFY raisi.
Raisning qo‘shimcha qilishicha, qotillik haqida unga xotinini arralab o‘ldirgani aytilayotgan erkakning otasi xabar bergan.
Marhuma ayolning qaynotasi bizga telefon qildi va bizni chaqirdi. Men va profilaktika inspektori tezda yetib bordik. Borsak, xotinini o‘ldirgan er voqeadan so‘ng ota-onasiga telefon qilib, qilgan ishini aytibdi va IIBga ketibdi. Ayol uyda yerda yotgan ekan, er xotinini benzopila bilan yelkasidan kesgan ekan-da, — deydi Ergash Xudoqulov.
Qashqadaryo viloyat prokuraturasi axborot xizmatining “Daryo” so‘roviga javoban maʼlumot berishicha, 37 yoshli ayolini o‘ldirgan 41 yoshli erkak qo‘lga olingan bo‘lib, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi (qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, Qarshi tuman prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.