Buxoroda erkak rashk tufayli xotinining shifokorini otib tashladi
Buxoro shahrida xotinini shifokordan rashk qilgan Salohiddin To‘xsanov ismli shaxs o‘sha shifokorni otib tashladi. Bu haqda, Buxoro viloyati prokuraturasi vakili Abdulla To‘raevga asoslanib, “Huquq” gazetasi xabar bermoqda.
Xabar berishlaricha, To‘xsanovning xotini bu shifokorning qo‘lida davolangan, shifokorning ortidan esa “u gipnoz qilsa, bemor hech narsani bilmay qolarkan”, – degan mish-mish tarqalgani To‘xsanovda “demak, do‘xtir o‘zi davolagan ayollarni xohlasa, unda” jinsiy aloqaga ham kirishishi mumkin, degan o‘yni keltirib chiqargan.
Shifokorni qudasi bilan birga choyga taklif qilgan To‘xsanov ularni o‘z mashinasida olib ketib, ma’lum bir joyga yetganda, ikkisini ham mashinadan tushirib, shifokorni ov miltig‘idan otib tashlagan va jasadi ustidan benzin quyib, yoqib yuborgan.
“Sud noo‘rin rashk sabab bir insonning umriga zomin bo‘lgan Salohiddin To‘xsanovni uzoq muddatga ozodlikdan mahrum qildi”, – deyiladi xabarda.