O‘zbekistonlik ayollar bo‘lgan fohishaxona fosh qilindi
Avvalroq, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston bir vaqtda hamkorlikda odam savdosiga qarshi tezkor-tadbirlar o‘tkazgani haqida xabar bergan edik.
Tadbirlar davomida Ostona shahrida temir yo‘l vokzali atrofidagi hududda fohishaxona topilgan. U yerda pul evaziga intim xizmat ko‘rsatuvchi 7 nafar ayol bo‘lgan. Ularning bari O‘zbekiston fuqarolari bo‘lib chiqqan.
O‘zbekiston fuqarolariga nisbatan migratsiya qonunchiligini buzganlik uchun ma’muriy ish ochilgan.
“Bundan tashqari O‘zbekiston IIV xodimi ular bilan profilaktik suhbat o‘tkazgan. Ma’muriy sud qaroriga ko‘ra, ularning uch nafari mamlakatdan chiqarib yuborilgan”, deyiladi Qozog‘iston IIV xabarida.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston va Qozog‘iston IIV xodimlari birgalikda o‘tkazgan tadbirlar vaqtida o‘zbek tomoni xalqaro qidiruvga bergan ikki nafar jinoyatchi qo‘lga olingandi.