Shvetsiyada ayollar va erkaklar uchun umumiy hojatxonalar paydo bo‘ldi
Shvetsiyada jamoat joylarida ham erkaklar, ham ayollar foydalana oladigan hojatxonalar paydo bo‘la boshladi, deb xabar bermoqda “Rossiyskaya gazeta”.
Ushbu g‘oya Shvetsiyada bir necha yillardan buyon muhokama qilib kelinayotgan edi. Ayollar va erkaklar huquqlari tengligi uchun kurashuvchilar ayollar hojatxonalarida navbat ko‘proq bo‘lishini aytib keladi. Chaqaloqlarga qarash uchun ta’til oluvchi erkaklar esa o‘zlari uchun mo‘ljallangan hojatxonalarda maxsus stolchalar yo‘qligidan nolib turadi. Natijada bu muammolarni yechish uchun umumiy hojatxonalar taklif qilindi.
Dastlab bu tajriba Umeo shahridagi kutubxonada qo‘llandi. Ayollar va erkaklarni anglatuvchi alohida belgilar o‘rniga hojatxona eshigiga har ikkala belgi osib qo‘yildi. Ushbu yangilik ko‘pchilik shvedlarga yoqmagani aytilgan. Kutubxona rahbariyati esa tajriba natijalari muhimligini bilishini ta’kidlagan.