O‘zbekistonda “oilaviy” plastik kartalar paydo bo‘ldi
O‘zbekistonliklar endi bir hisobga bir nechta karta ochtirishlari mumkin
Uzcard milliy to‘lov tizimi asosiy karta egasiga bitta hisob uchun qo‘shimcha kartalar ochtirish imkonini beruvchi yangi xizmatni yo‘lga qo‘ydi.
Yangi xizmat UZCARD Family deb ataladi. Mutaxassislarning fikricha, ko‘pincha plastik kartadagi pul bir vaqtning o‘zida oilaning bir necha a’zolariga zarur bo‘lib qoladi. Ana shu omilni e’tiborga olgan holda oilaviy plastik kartalar ishlab chiqildi.
Asosiy karta egasi ko‘zda tutilmagan xarajatlar borasida tashvishlanmasa ham bo‘ladi. Chunki u har bir oila a’zosi yechib olishi mumkin bo‘lgan naqd pul miqdori, shuningdek alohida kun, hafta yoki oyda xarid uchun ishlatishi mumkin bo‘lgan mablag‘lar miqdoriga cheklov qo‘yishi mumkin.
Hisob raqami egasining xohishiga qarab, barcha qo‘shimcha kartochkalar yordamida amalga oshirilgan har bir moliyaviy operatsiya haqida uning mobil telefoniga SMS-bildirishnomalar kelib turishi mumkin. Mutaxassislar shu tarzda oila budjeti oqilona tashkil etilishi, oila a’zolarining xarajatlari tahlil qilinishi va rejalashtirilishi mumkin, degan fikrdalar.
Qo‘shimcha kartalarni nafaqat qarindoshlar, balki vakolatli shaxslar, do‘stlar yoki ish bo‘yicha sheriklar uchun ham ochtirsa bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyevning qaroriga muvofiq, hozirda plastik kartochka tizimini rivojlantirish, karta egalarini rag‘batlantirish bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda. Yaqindagina Yagona umumrespublika protsessing markazi plastik kartochkalarga “overdraft” xizmati kiritish ustida ishlayotganini ma’lum qilgandi. Bunda bank mijozga kartada mavjud mablag‘dan ko‘proq xarajat qilib, keyinroq uni qoplash imkonini beradi.