Moliyaviy firibgarliklar bilan bog‘liq takrorlanuvchi hodisalarning oldini olish maqsadida Yagona umumrespublika protsessing markazi (Uzcard) barcha karta egalarini ogoh bo‘lishga chaqirdi.
Bir qator ommaviy axborot vositalari tomonidan muhtoj va ehtiyojmandlarga yordam ko‘rsatish maqsadida, internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlar orqali turli xayriya aksiyalari o‘tkazilib kelinmoqda. Bunday tadbirlarni tashkillashtirish, albatta, e’tiborga molik ish, biroq, bu firibgarlar e’tiborini tortishini ham unutmaslik kerak.
Yordamga muhtoj insonlar uchun bu kabi tadbirlar tashkillashtirilishi muhim, biroq hadya qilingan mablag‘ni qabul qiluvchi karta egasi zimmasida ham plastik karta xavfsizligini ta’minlashdek vazifa borligini unutmaslik lozim. Avvalambor, tadbirni tashkillashtiruvchilar tomonidan mablag‘ qabul qiluvchi karta egasi onlayn-o‘g‘riliklarning qurboniga aylanmasligi uchun ogohlantirilishi juda muhim.
"Yaqinda qayd etilgan firibgarlik hodisalaridan birida, o‘g‘rilar e’lon qilingan karta raqamini mobil ilovaga ulash maqsadida karta egasi bilan bog‘lanib, SMS orqali yuborilgan kodni aniqlab olishadi. So‘ngra yig‘ilgan pul mablag‘larini onlayn rejimda o‘g‘irlashadi", deb misol keltirilgan «Uzcard» xabarida.
Mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan bir qator mobil ilovalar tomonidan xavfsizlik talablari bajarilib, har bir karta egasi e’tiboriga havola etilgan yuridik ma’lumotda kod raqamini uchinchi shaxsga taqdim qilish mumkin emasligi ta’kidlansa-da, barcha fuqarolar ham bu ogohlantirishlarga amal qilmaydi.
Qayd etilgan qator firibgarliklardan kelib chiqib, «Uzcard» barcha ommaviy axborot vositalari vakillaridan tashkillashtirilayotgan xayriya tadbirlarini e’lon qilishdan avval karta egasini plastik karta xavfsizligi qoidalari bilan tanishtirishlarini va ogoh qilishlarini so‘ragan.