Uzcard milliy to‘lov tizimi yangi – Uzcard Family loyihasini ishga tushirdi. Bu haqda tizim matbuot xizmati xabar bermoqda.
Uzcard Family oilaviy kartochkasi – qo‘shimcha kartochkalar orqali oilaning barcha a’zolariga yagona hisobraqamdan foydalanish imkonini beruvchi qulay vositadir.
Xabar berishlaricha, hisobraqam egasi oilaning har bir a’zosi yechib olishi mumkin bo‘lgan naqd pul miqdoriga nisbatan limit o‘rnatishi, bevosita tanlangan kunda xaridlar uchun ishlatishi mumkin bo‘lgan mablag‘lar miqdorini aniq belgilab qo‘yishi mumkin.
Ayni vaqtda, qo‘shimcha kartochkalar yordamida amalga oshirilgan har bir moliyaviy operatsiya haqida hisobraqam egasining mobil telefoniga SMS-bildirishnomalar kelib turadi. Kartochka nomi “oilaviy” bo‘lgani bilan, qo‘shimcha kartochkalarni istalgan ishonchli odamga ochib berish mumkin.
Hisobraqam egasi qo‘shimcha kartochkalarga o‘rnatiladigan limitlarni Uzcard tizimining Anroid va iOS uchun ilova-dasturlari, shuningdek, my.uzcard.uz manzilidagi veb-interfeys orqali boshqarib borishi mumkin.
“Tez orada bank bo‘limlarida ham, Uzcard’ning mobil ilovalari yordamida ham qo‘shimcha kartochkalarni tayyorlashga ariza berish mumkin bo‘ladi”, – deyiladi Uzcard xabarida.