Bugun, 16-dekabrdan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi
tarkibida yangi "Oilaviy” va "Diyor” telekanallari ish boshladi. Bu haqda
O‘zMTRK matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ma'lumki, raqamli teleko‘rsatuvlarga texnik va texnologik
jihatdan o‘tish bo‘yicha Davlat dasturini amalga oshirish doirasida O‘zbekiston
Milliy teleradiokompaniyasida ko‘rsatuvlarni efirga uzatishning yangi formatiga
bosqichma-bosqich o‘tish jarayonini rivojlantirish orqali teleradiokanallar
tomonidan barcha bahramand bo‘la oladigan raqamli televideniyening ijtimoiy
majmuini shakllantirish ishlari amalga oshirilyapti. Ushbu tadbirlar doirasida
joriy yilning 16 dekabridan ikki yangi raqamli telekanalni test-sinov tariqasida
efirga uzatish boshlanyapti.
«Oilaviy»
telekanali ««O‛zbekiston»» teleradiokanali ijodiy bazasida tashkil etilib,
e'tibor ham jismoniy, ham ma'naviy jihatdan sog‘lom zamonaviy avlodni
rivojlantirishga qaratilgan yoshlar siyosati, jumladan, kirib kelayotgan 2014
yilning «Sog‘lom bola yili» deb nomlanishi bilan bog‘liq chora-tadbirlar
dasturini amalga oshirish jarayonlarini yoritishga qaratiladi. Shuningdek,
kanalning muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida jamiyatning barcha qatlamlari
talablarini hisobga olgan holda tomoshabinlarga dam olishning faol va sog‘lom
turlari to‘g‘risida ma'lumot berish, milliy qadriyatlarni targ‘ib qilish orqali
oila institutini mustahkamlashga, bola tarbiyasining ustivor pedagogik
usullarini targ‘ib qilishga, ayollarning, ona va bolaning reproduktiv
sog‘lig‘ini mustahkamlashga bag‘ishlangan teledasturlar tayyorlash hisoblanadi.
Kanalda «Sog‘lom ona-sog‘lom bola», «Salomatlik» va shunga o‘xshash keng
qamrovli dasturlarni amalga oshirishga oid teleko‘rsatuvlar namoyish etiladi.
Ko‘rsatuvlar o‘zbek va rus tillarida efirga uzatiladi.
Yangi «Diyor» telekanali «Madaniyat va ma’rifat» telekanali
ijodiy bazasida tashkil etilib, teleko‘rsatuvlar dasturi shuningdek o‘n ikkita
hududiy teleradiokompaniyalar teledasturlari asosida shakllantiriladi va
teletomoshabinlarni O‘zbekistonning turli shaharlari, qishloqlari va
viloyatlaridagi hayotni keng tanishtirishga yo‘naltiriladi. Asosiy e'tibor
mamlakatimiz hududlarining tarixi, madaniyati, urf-odatlari va qadamjolari
to‘g‘risida maxsus teleko‘rsatuvlar tayyorlashga qaratiladi.