Neft narxi 2016-yil maksimumini yangiladi va o‘sishda davom etmoqda
Dollarning zaiflashishi hamda AQShda neft qazib olishning pasayishi munosabati bilan jahon miqyosida qora oltin narxi o‘sishda davom etmoqda. Shu bilan birga, Yaqin Sharq mamlakatlarida qazib olinadigan neft hajmining ko‘payishi istiqbollari narxning o‘sish sur’atlarini biroz pasaytirmoqda, deb yozadi “RIA Novosti”.
29-aprel kuni Brent rusumli Shimoliy dengiz neft aralashmasining iyul fyucherslari narxi 0,54 foizga oshib, barreliga 48,02 dollarni tashkil qildi. Bundan oldinroq Brent 2015-yil 9-noyabridan buyon birinchi marta 48 dollardan yuqoriga ko‘tarildi — barreliga 48,08 dollar. WTI neftining iyun fyucherslari narxi 0,96 foizga o‘sib, barreliga 46,47 dollarni tashkil qildi.
Ko‘rsatilgan davrda AQShning asosiy savdo sheriklari bo‘lmish olti mamlakat valyuta korzinasida dollarning indeksi 0,41 foizga tushib, 93,38 punktga bordi. Dollarning zaiflashuvi boshqa valyutaga ega investorlarga neftni arzonroq sotib olish imkonini beradi.
Bundan tashqari, AQSh energetika vazirligi bir haftada neft qazib olish hajmi sutkasiga 0,16 foizga yoki 15 ming barrelga qisqarib, 8,938 million barrelni tashkil etganini ma’lum qildi. Bu 2014-yil oktabridan buyon kuzatilgan minimumdir.
“Bozor balansi yaxshilanmoqda, to‘planib qolayotgan zaxira yilning ikkinchi yarmida yetishmovchilikka ko‘chishiga ishonmoqdamiz”, — deb izoh berdi Jefferies banki eksperti.