Moskvadagi restoranda Nargiz Zokirovaga qarata bokal uloqtirishdi
Moskvadagi hashamatli restoranlardan birida Nargiz Zokirovaning sahnaga chiqishi mojaro bilan yakunlandi, deya xabar bermoqda “Moskovskiy komsomolets”.
Xonanda sahnada qo‘shiq kuylayotganida, restoran mijozlaridan biri hisoblangan ayol sahnaga yaqinlashib, Nargiz Zokirovani haqorat qilgan va unga qarata qo‘lidagi bokalni uloqtirgan.
Shisha idishning sinishi natijasida, xonandaning oyog‘i shilinib, qonab ketgan. Nargiz Zokirovaning aytishcha, mazkur nizoli vaziyat restoran videokameralariga qayd etilmagan, qo‘riqchilar esa shu vaqt qayergadir g‘oyib bo‘lgan.
Restoran rahbariyati Nargiz Zokirovani haqorat qilib, unga qarata bokal otgan mijozning ismini oshkor etmagan. Restoran menejerlaridan birining aytishicha, nizoli vaziyatga sabab bo‘lgan ayol aslida Nargiz Zokirovaning ashaddiy muxlisi bo‘lgan.