“RPR-PARNAS” muxolifat partiyasi raisdoshi Boris Nemsov 3-mart, seshanba kuni Moskvadagi Troyekurovskoye qabristoniga dafn etildi, deya xabar bermoqda Interfax.
Dafn marosimiga 600 dan ortiq kishi tashrif buyurdi, ularning deyarli uchdan bir qismini OAV vakillari tashkil etdi.
Kunning birinchi yarmida esa Saxarov markazida marhum bilan vidolashuv bo‘lib o‘tdi. Janozaga ko‘p sonli davlat va jamoat arboblari, deputatlar va jurnalistlar, xorijiy davlatlar elchixonalari vakillari keldi.
Eslatib o‘tamiz, Boris Nemsov Moskva vaqti bilan 27-fevral 23:15 da (Toshkent vaqti bilan 28-fevral 01:15 da) Moskva markazidagi Moskvoretskiy ko‘prigida otib o‘ldirildi.
Ichki ishlar vazirligi rasmiy vakili so‘zlariga ko‘ra, Nemsov qiz do‘sti bilan ko‘prikdan o‘tayotgan mahal oq rangli mashinadan unga qarata oltita o‘q otilgan. Shulardan to‘rttasi muxolifatchiga kelib tekkan. Qotillik chog‘ida siyosatchining yonida bo‘lgan qiz — 23 yoshli ukrainalik model Anna Duritskaya o‘z ko‘rsatmalarini berib, vataniga qaytib ketdi.
1-mart kuni siyosatchi aksilinqiroz marshida ishtirok etishi kerak edi. Marsh talablari qatoridan Ukraina bilan urushni zudlik bilan to‘xtatish, muxolifatni televideniyega qo‘yish, byudjetni markazlashmagan tizimga o‘tkazish, harbiy xarajatlarni qisqartirish evaziga sog‘liqni saqlash va ta’limga sarf qilinadigan mablag‘ni oshirish kabilar o‘rin olgan edi.
Rossiya tergov qo‘mitasi qotillikning bir nechta, jumladan siyosiy va maishiy maqsadlarda amalga oshirilishi versiyalarini ko‘rib chiqmoqda. Ushbu jinoyatni fosh etuvchi qimmatli axborot uchun 3 million rubl miqdorida mukofot e’lon qilindi.