Moskvada O‘zbekiston fuqarosi ulfatini so‘yib qo‘ydi
Moskvaning Troiskiy okrugida qotillikda ayblanayotgan O‘zbekiston fuqarosi qo‘lga olindi. Bu haqda “Moskva” axborot agentligiga huquq-tartibot idoralari xodimlari ma’lumot berdi.
Aytilishicha, 9 may kuni mahalliy vaqt bilan 18:00da polisiyaga 29 yoshli erkak murojaat qilib, qurib bitirilmagan uylardan birida ulfati tomonidan pichoq bilan yaralanganini ma’lum qilgan. Ko‘rsatilgan binoda polisiya xodimlari 44 yoshli erkakni qo‘lga olishgan. Uning O‘zbekiston fuqarosi ekanligi aniqlangan.
Aniqlanishicha, tilga olingan ikki ishchi armanistonlik 36 yoshli sherigi bilan spirtli ichimliklar ichib o‘tirishgan. Ular orasida ixtilof kelib chiqqan. Shunda O‘zbekiston fuqarosi armani ulfatiga pichoq bilan ikki marta zarba bergan. Uning ikkinchi ulfati ham yaralansa-da voqea joyidan qochishga ulgurgan. Polisiya xodimlari yetib kelganida Armaniston fuqarosining joni uzilgan edi.
Boshqa tafsilotlar ma’lum qilinmagan.