O‘zbekistonda “yulduz”larni buyurtma qiluvchi mobil dastur paydo bo‘ldi
O‘zbekistondagi san’atkorlar ro‘yxati va ular bilan
bog‘lanish uchun barcha zarur ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan yangi mobil dastur
paydo bo‘ldi. Bu haqda "Podrobno” nashri xabar berdi.
Ushbu
dastur iShow.uz deb atalib, uni Google Play do‘konidan yuklab olish mumkin.
Dastur do‘konga shu yilning 12-noyabr kuni joylangan bo‘lib, u
"yulduzlar katalogi bilan tanishtiruvchi ilk mobil dastur” deb ta’riflangan. "To‘yingizda
ishtirok etish uchun yulduzga buyurtma bermoqchimisiz? Tug‘ilgan kunga
boshlovchi taklif qilmoqchimisiz? iShow.uz mobil dasturidan foydalaning”, —
deyiladi ta’rifda.
Nashr xodimlari ushbu dasturni sinab ko‘rgani, biroq unda
ko‘rsatilgan telefon raqamlariga ulanib bo‘lmaganini qayd etdi. Ma’lum
bo‘lishicha, katalogda ko‘pchilik san’atkorlarga bir xil telefon raqami
biriktirilgan. "Balki bu raqam ularning prodyuseri yoki direktoriga
tegishlidir?” — deya ta’kidlanadi xabarda. Shuningdek, bu dasturda mavjud
bo‘lgan texnik nosozliklar natijasi bo‘lishi mumkinligi ham taxmin qilindi.