22-noyabr, juma kuni Toshkentdagi Driver’s Village dilerlik
markazida ilk xaridorlarga yangilangan Lacetti avtomobillari topshirildi. Bu
haqda "O’zavtosanoat” rasmiy saytiga tayanib "Kun” nashri xabar
bermoqda.
Xabarda avtomobil Chevrolet Lacetti’ning feysliftga
uchragan, yangilangan versiyasi deb ta’riflangan. Avvalroq esa, bir qator
nashrlarda ushbu model Rossiya bozorida Daewoo Gentra deb tanishtirilgani, GM
Uzbekistan 1-iyundan unga Rossiyada buyurtmalar qabul qilishni boshlagani
haqida xabar bergan edik.
Xabar berishlaricha, yangilangan mashinaga GM Powertrain
Uzbekistan’da ishlab chiqarilgan yangi to‘rt silindrli, hajmi 1,5 litrlik,
quvvati 105 ot kuchiga teng dvigatel o‘rnatiladi. Ushbu dvigatel Chevrolet’ning
boshqa modeli — Cobalt’ga ham o‘rnatilgan. Avtomobil, modeliga qarab, 5
pog‘onali mexanik yoki 6 pog‘onali avtomatik quti bilan jihozlanishi mumkin.
Bundan tashqari, yangi avtomobilning old qismi O‘zbekistonda
2003-yildan buyon ishlab chiqariladigan Lacetti’dan ancha farq qiladi. Yangi
Lacetti’ga o‘zgacha fara, bamper va tumanga qarshi chiroqlar o‘rnatilgan. Avtomobilning
interyerida ham birmuncha o‘zgarishlar mavjud. Bulardan magnitolani ruldan
turib boshqarish, o‘rindiq va rulni haydovchiga qulay qilib sozlash
imkoniyatlari kengaytirilganini alohida ta’kidlash mumkin.
O‘zavtosanoat” kompaniyasi rasmiy xabarida yangi avtomobil
narxlari haqida ma’lumot berilmagan.
Ayni vaqtda, ijtimoiy tarmoqlarda Gentra bilan bir vaqtda
O’zbekistonda yangi Chevrolet Impala sedani va Chevrolet Orlando yo‘ltanlamas
mashinalari ishlab chiqarilishi haqida xabarlar paydo bo‘lgan. Jumladan, 15
mingdan ortiq obunachisi bor "I Love Tashkent” feysbuk sahifasida yozilishicha,
GM Uzbekistan 2014 yil kuzidan O’zbekistonda Impala va Orlando savdosini
boshlaydi.
Qayd etish joiz, Orlando ishlab chiqarilish mumkinligi
haqidagi xabarlar avval ham paydo bo‘lgandi. Jumladan, OAVda tarqalgan xabarlarga
ko‘ra, Toshkentda shu rusumda raqamsiz va sinov uchun yurgan mashinalar
ko‘ringan.
Manba:kun.uz