Moskvada ayol o‘ldirildi. Gumondor – O‘zbekiston fuqarosi
Rossiyaning Tambov viloyatida politsiya xodimlari Moskva janubi-g‘arbidagi Sevastopol xiyobonida 29 yoshli qizni o‘ldirishda gumon qilingan erkakni qo‘lga oldi. Bu haqda bugun, 18 noyabr kuni TASS agentligiga Rossiya Ichki ishlar vazirligi rasmiy vakili Irina Volk ma’lum qildi.
“Tambov viloyatida politsiya xodimlari Moskva janubi-g‘arbida bir ayolni o‘ldirishda gumonlanuvchi shaxsni qo‘lga oldi. Yaqin kunlarda qo‘lga olingan shaxs Moskvaga olib kelinadi”, deydi u.
Gumonlanuvchi bo‘lgan mashina Tambov viloyatining Jerdevskiy tumanida yo‘l-patrul xizmati xodimlari tomonidan to‘xtatilgan. Unga qochishga yordam bergan sherigi ham qo‘lga olingan.
18 noyabr kuni ertalab Sevastopol xiyobonidagi turar-joy binosi yonidan oziq-ovqat do‘konida ishlagan 29 yoshli qizning jasadi topildi. Ushbu fakt bo‘yicha Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 105-moddasi 1-qismi (“Qotillik”) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bir kun oldin u bir yigit uni ta’qib qilayotganini aytib va shu munosabat bilan ko‘chaga chiqishdan qo‘rqayotganini aytib, politsiyaga murojaat qilgan. Militsiya xodimlari arizachining ish joyiga borib, undan ko‘rsatma olgan.
OAV ma’lumotlariga ko‘ra, tergov jarayoni ustidan prokuratura nazorat o‘rnatgan. Gumondorning ismi Shohruhbek Karimov. U 2018 yilda O‘zbekistondan borgan va oxirgi vaqtlarda Moskvada ruxsatnomasiz yashagan. U o‘ldirilgan ayol bilan bir do‘konda ishlagan.