20-dekabr kuni Rossiyaning Birinchi kanali orqali namoyish
etilayotgan "Golos” teleloyihasi ishtirokchilari o‘rtasida yarim final bahslari
bo‘lib o‘tgani, unda Leonid Agutin jamoasi a’zolaridan Nargiz Zokirova
loyihaning final bosqichiga chiqishga muvaffaq bo‘lgani haqida avval xabar
bergan edik.
Bugun,
28-dekabr kuni teleshouning final bahslari bo‘lib o‘tadi. Finalda Nargiz qolgan
jamoalarning ishtirokchilari Sergey Volchkov, Gela Guralia va Tina Kuznetsova
bilan raqobatlashadi.
Rossiyaning
Birinchi kanali "Golos”ning bugungi finali haqidagi anonsni taqdim etdi. Unda
har to‘rtala finalist haqida to‘xtalib o‘tilgan.
Unda Nargiz
Zokirovaga "buldozer” deb ta’rif berilgan. Bunda xonanda ko‘rsatuvning har bir
sonida butun zal va tomoshabinlarni o‘z ijrosi bilan larzaga keltirgani nazarda
tutilgan bo‘lsa kerak. Bundan tashqari, uning hech kimga o‘xshamasligi, turli
qiyofa va obrazga kira olsa-da, hamisha o‘zicha bo‘lib qolishi ta’kidlangan.
Nargizga
omad tilab qolamiz. Bugungi final bahsi natijalarini nashrimizda kutib qoling. Yangiliklarimizni
kuzatib boring.
Eslatib
o‘tamiz, "Golos” teleloyihasining 8-noyabr kungi sonida Nargizning
murabbiyi Leonid Agutin ham uning o‘z loyihadoshlari uchun kuchli raqib
ekanligini, ularni o‘z iste’dodi bilan "yanchib” tashlashga qodirligini nazarda
tutib, buldozerga tenglashtirgan edi.
Manba:daryo.uz