Kusherboyev hayratda! U Angren neft bazasi qayerdan paydo bo‘lib qolganiga qiziqyapti
Avvalroq, Angren neft bazasidan 11,5 ming litr Ai-80 markali benzin sizib chiqqani haqida xabar bergan edik. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyev shu kungacha Angrenda neft bazasi borligi haqida eshitmagani aytib, rasmiylarni savolga tutmoqda. U bu haqda o‘zining Telegram kanalida yozgan.
“Biroq biz negadir shu kungacha Angren neft bazasi haqida eshitmagan ekanmiz. Masalan, biz Toshkent viloyatida O‘zbekneftgazga qarashli Paxta, Kuchluk, Chinobod neft bazalari haqida bilamiz.
Neft bazasi kichkina korxona emaski, uni kimdir sezmay qolsa. Uni barpo etishda qator talablar, vaqt shu jumladan ekologik talablar ham bor. Biroq Angren neft bazasi osmondan tushgandek bo‘ldi”, deydi Kusherboyev.
U so‘zida davom etib, vakolatli idoralardan quyidagi savollarga javob berishlari so‘ragan:
• Angren neft bazasi qachon, qaysi manbaalar hisobiga, nima maqsadda tashkil etilgan?
• Angren neft bazasi bugun kimga qarashli?
• Angren neft bazasidagi AI-80 benzini birjaga sotuvga chiqarilganmidi?
• Angren neft bazasidagi AI-80 benzini nima maqsadda saqlab turilgandi?
• Angren neft bazasidan oqib ketgan 11,5 ming litr benzin atrof muhitga va tabiatga qancha zarar yetkazdi?
“Angren neft bazasi voqeasi katta ishlarning bir uchi ekanligini bilib turibmiz. Shu bois, rasmiy idoralar aniq javob bersa, jamoatchilikda shubha bo‘lmaydi. Darvoqe, "Davaktiv" ham o‘z yo‘nalishida izoh berishi kerak. Gap nima haqidaligini agentlikning xushyor rahbarlari tushunib turishibdi, degan umiddamiz”, degan deputat.
Eslatib o‘tamiz, Angren neftebazasida avariya sodir etilganligi bilan bog‘liq tarqalgan xabar yuzasidan korxona boshlig‘i D.Azimov munosabat bildirdi:
“Joriy yilning 10 dekabr kuni taxminan soat 20:10 da Angrenneftebazasi hududida 5000m(kub) hajmdagi 20-sonli sig‘im (rezervuar) sifonining jo‘mragi havo harorati pasayishi munosabati bilan muzlab yorilish yuz bergan. Natijada sig‘imda bo‘lgan Ai-80 benzin yoqilg‘i mahsuloti (11 500 litr) to‘kilgan. Sodir bo‘lgan avariya holati zavod ishchi-xodimlari tomonidan shu kunning o‘zida, soat 20:45 da bartaraf qilingan. Hech kimga jiddiy zarar yetkazilmagan”.