- Uyda shukrona dasturxoni yozib, qarindosh-urug‘lar, qo‘ni-qo‘shnilar chaqirildi. Mehmonlarni kuzatish bahonasi bilan uyda qolib ketdim. Xotinim va farzandlarimga uyga borishlarini tayinlab, o‘zim negadir bolalikdan voyaga yetgan hovlimda qolishni istadim. Asli ko‘nglim g‘ash edi. Ishxonamda ko‘ngilsizlik bo‘lib, ich-etimni shu narsa tirnar edi. Onam kelgan onimdayoq sezdilar. Sir boy bermasam-da, onam aniq bir narsani his qilib turganlarini bildim. Xotirjam qildim. Hamma ketib bo‘lgach, onam qo‘ymay so‘rab oldilar. Arzimagan ish, onajon!
Siz, xavotir olmang, o‘zim bitkazib yuboraman, deb yupatdim. Ko‘zlarida ma’yuslik bilan Alloh o‘zi ishlaringni o‘nglasin, bolam! Alloh yuzingni yorug‘ qilsin! - deb duolar qildilar. Tashqariga chiqib qaytib kelgunlaricha, ko‘zim ilinib, uxlab qolibman. Bir mahal tursam, onam joylarida yo‘qlar. Joynamoz ustida ekanlar. Uxlamabdilar, yostiq kechqurun qanday bo‘lsa, shundayligicha turar edi. Oyoq uchida tashqariga chiqib, tahorat olib kelib, kechqurungi namozlarni o‘qib, duolar qildim.
Ammo onam duo qilishga shunday berilib ketgan ekanlarki, meni umuman sezmadilar. Bir payt yig‘lab, ko‘z yoshlarini artib, yana duoga sho‘ng‘idilar. Duolarini eshitib qalbim o‘rtanib ketdi. Allohga shukr va hamdu sanolar aytdim. Meni haqqimga tekinga kechasi bilan uxlamay, sidqidildan yig‘lab duo qiladigan bu duogo‘yimning haqqini qanday ado etaman, deb yig‘lab yubordim. Ilaho! Ularning umrlarini uzoq et, salomatliklarini mustahkam qil! G‘am berma, doim rohat ko‘rsinlar!
Uvays Qaraniy haqidagi hikoyani eshitganmisiz?! Uvays ibn Omir Qaraniy hazratlari shunday ulug‘ martabada edilarki, Alloh u haqida o‘z Rasuliga xabar bergan edi. U kishining martabasi Alloh va Rasulining huzurida eng yuqori darajada edi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ulug‘ sahobalar va oila a’zolaridan ba’zilariga bu ulug‘ zotning duolarini olishga buyurdilar.
Alloh taologa yaqin bo‘lish haqida duo so‘rashni, ummat haqqiga duo qilishni so‘ragan edilar. Vaholanki, hazrat Uvaysning bor-yo‘q ishi onasining xizmatlari qilish edi. Unga xizmatni sidqidildan qildi. Onasini yeru-ko‘kka ishonmadi. Hurmatini rioya qildi toki bu hurmati eng go‘zal va komil bo‘ldi.
Imom Muslim rahimahulloh rivoyat qildilar: Hazrat Umar roziyallohu anhuning huzurlariga yamanlik ulug‘lar keldilar. Ulardan:
- Uvays ibn Omir orangizda bormi? - deb so‘radilar. Uni topib oldiga bordilar.
- Sen Uvays ibn Omirmisan?
- Ha!
- Maroddanmi?
- Ha!
- Tanangga berilgan darddan Alloh forig‘ etib, dirhamdek bir joy qolganmi?
- Ha!
- Sening onang bormi?
- Ha!
- Men janob Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni aytganlarini eshitgan edim: - Sizlarga Yamanlik ulug‘lar bilan Uvays ibn Omir keladi. U Marodlik, keyin Qaranlikdir. Uning badanida bir dardning (teri kasalligi) asari qolgan, Alloh shifo bergan, ammo dirhamdek joy qolgan. Uning onasi bor. Uvays onasiga juda mehribon. Agar Allohga qasam ichsa (duo qilsa), albatta u amalga oshadi. Agar haqqinga istig‘for etib, duo olishga erisha olsang, olgin!
Hazrat Umar Uvays Qaraniydan duo so‘radilar. Umarning haqqiga va ummat haqqiga duolar qildilar. Ba’zi manbalarda hazrat Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ridolaridan birini Uvaysga topshirishni vasiyat qilgan edilar va Uvays uni kiyib ummatim haqqiga duo qilsin, deb aytgan edilar. Unga yuzlarini qo‘yib uzoq vaqt yig‘ladilar. Kiyganlaridan keyin ikki rakat namoz o‘qidilar va namozdan so‘ng uzun duo qildilar.
Hazrat Umar va uning hamrohlari duo va bu kishining Payg‘ambarimizga bo‘lgan cheksiz muhabbatlaridan larzaga keldilar, ko‘z yoshlarini hech to‘xtata olmagan edilar. Bu o‘rindagi bir hikmatga e’tibor qiling, hazrat Uvays kabi onasini xizmatlarini bajargan, uning roziligini topgan insonning duosiga sahobalar ham umidvor edi...
G‘orga qamalib qolganlarning qissasini eslang! O‘shanda ular u yerdan chiqa olmagan edilar. Shunda ular hayotlarida Alloh taolo roziligi uchun qilgan bir amallarini eslab, shu amalning fazilati va shafoati bilan qamaldan qutilishni gaplashishdi. Shunda ularning biri shunday voqeani aytib berdi:
«Mening yoshi ancha keksayib qolgan ota-onam bor edi. Farzandlarim ham yosh hamda ko‘p edilar. Ularning hammalarini o‘zim parvarish qilar edim. Ishimdan uyga qaytgach, echkilarni sog‘ib, sutini eng avval ota-onamga berishdan boshlar edim. Bolalarimdan oldin ota-onamni sutga qondirib, qorinlarini to‘ydirar edim. Keyin farzandlarimga qarar edim. Bir kuni ishim ko‘payib ketdi va uyga juda kech qaytdim.
Ota-onam bu vaqtda uxlab qolgan edilar. Odatim bo‘yicha sutni sog‘ib keldim va uni tayyor qilib ota-onamning boshida ushlab turdim. Ularni uyg‘otishni sira xohlamadim. Bolalarimni ham ulardan oldin ovqatlantirishni istamadim. Qorni ochligidan ular oyoqlarimdan tutib ovqat berishimni so‘rab yig‘ladilar. Ammo ota-onamdan oldin ularga ovqat berishni ko‘nglim yomon ko‘rdi. Bu holat to tong otguncha davom etdi.
Ular uyg‘ongach sutni ularga ichirib, ovqatlantirdim va shundan keyin bolalarimga qaradim. Parvardigoro! Agar shu ishimni Sening roziliging uchun qilgan bo‘lsam, bizga shu qamaldan qutilishimizga najot bergin», dedi. Alloh taolo g‘or og‘zida yopilib qolgan toshni joyidan qo‘zg‘atdi va hosil bo‘lgan tirqishdan ularga osmon ko‘rindi...»
Ushbu hikoya hazrat Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilgani aytilgan. Hikoyaning mazmunidan ota-onaga xizmat qilish, ularning roziliklarini topish insonning faqat oxiratdagi qiyinchiliklariga, hojatlariga malham bo‘lmas ekan. Balki, dunyodagi ishlarining ham, qiyinchiliklarining, hatto dardining shifosi ekani anglanadi.
Toshkent shahridagi “To‘xtaboy” jome masjidi
imom-xatibi Zokirjon ShARIFOV