AQShning Pew Research Center markazi tadqiqotchilarning fikricha, asrimiz so‘ngida islom dunyodagi eng ommaviy dinga aylanadi. Ular dinlarning tarqalishi va rivojlanish istiqbollari bo‘yicha ma’lumotlarni mintaqalar bo‘yicha o‘rganib chiqib, mana shunday xulosaga kelishdi.
Bugungi kunda dunyoda 2.2 mlrd kishi xristian diniga e’tiqod qiladi. Musulmonlar soni 1.5 mlrd ga, buddaviylar soni esa 500 mln ga yaqin. Boshqa dinlarga e’tiqod qo‘yganlarning soni nisbatan kamroq. Ammo keyingi yuz yil mobaynida sayyoramizning diniy qiyofasi o‘zgarishga uchrab, muvozanat islom dini tomonga og‘a boshlaydi. 2070 yilga kelib xristianlar va musulmonlar soni o‘zaro tenglashadi. 2100 yilda esa dunyo aholisining 35 foizini musulmonlar, 34 foizini xristianlar tashkil qiladi. Bu jarayon allaqachon boshlangan. Jumladan, 2014 yilda Buyuk Britaniyada yangi tug‘ilgan chaqaloqlarga eng ko‘p qo‘yilgan ism Muhammad bo‘ldi.
Hozirgi kunda xristianlar va musulmonlar soni muntazam ravishda oshib bormoqda. Afrika davlatlarida bu ikki dinning tarqalishi buning asosiy omili bo‘lib xizmat qilmoqda.
Boshqa dinlarning kelajagiga to‘xtaladigan bo‘lsak, tadqiqotchilarning fikricha, buddaviylar soni deyarli o‘zgarmaydi. Yahudiylar va hindlar soni ko‘payib boradi. Shunga qaramay, Hindiston eng ko‘p musulmon aholiga ega davlatga aylanib, Indoneziyadan o‘zib ketishi kutilmoqda. Xudosizlar soni faqat AQSh va Fransiyada o‘sishda davom etadi, boshqa davlatlarda esa ular o‘z o‘rnini yo‘qotadi.
Dunyoning barcha davlatlaridagi demografik vaziyat tahlili keltirilgan “Jahon aholisi va inson kapitali XXI asrda” (World Population & Human Capital in the Twenty-First Century) kitobi tadqiqotchilarning bashoratlari uchun asos bo‘ldi. Kitobni yaratishda ishtirok etgan 500 dan ortiq mutaxassisning taxminiga ko‘ra, musulmon davlatlarida aholi tez sur’atlarda ko‘payishda davom etadi.
Masalan, 50 yildan so‘ng Misr aholisi (ayni kunlarda 80 mln) soni 132 mln ga yetadi. Germaniya aholisi esa 82 mln dan 77 mln ga tushadi, aholi sonining keskin pasayishi esa bu davlatdagi musulmonlarning ko‘payishi hisobiga to‘xtatib qolinadi. Musulmon aholisining qay tarzda ko‘payishini Nigeriya misolida ko‘rish mumkin. Bugungi kunda bu davlatda 158 mln aholi istiqomat qilsa, 2060 yilga kelib bu ko‘rsatkich 425 mln ga chiqadi.