Internetda winocm niki bilan tanilgan 17 yoshli maktab
o‘quvchisi Apple’ga ishga kirganligini ma’lum qildi. Bu haqda Cult of Mac blogi xabar
bermoqda.
Apple’da qanday vazifaga ishga olishganini winocm aniq bayon
etmagan, ammo uning faoliyat sohasiga qaralganda, kompaniya undan xavfsizlik
masalalari bo‘yicha maslahatchi sifatida foydalanishi mumkin. Chunki winocm
internetda 2011-yildan buyon operatsion tizimlarni buzish bilan shug‘ullanuvchi
hamda iOS’ning 6.1.3–6.1.5 versiyalari proshivkasi uchun jeylbrek chiqargan
xaker sifatida mashhur.
2013-yili winocm iOS va OS X operatsion tizimlarining yadro
kodlarini butunlay boshqatdan ko‘chirib chiqqan va ularni Apple mahsulotlaridan
boshqa qurilmalarida ham ishlaydigan holatga keltirgan. O‘zining ta’kidlashicha, winocm dasturchilar
jamoasi iPhone uchun operatsion tizim yaratishda bajargan ishlarning barchasini
bitta o‘zi qaytadan qilib chiqqan. Natijada esa iOS operatsion tizimini Nokia
N900 smartfoniga o‘rnatib ishga tushira olgan.
Hozirda 17
yoshda bo‘lgan winocm dasturlash ishiga to‘qqiz yasharligidan qiziqqan. Boshqa
xakerlar kabi, u ham o‘zi haqidagi ma’lumotlarni oshkor etmaydi, jumladan, asl
ismi-sharifini bildirmaydi.
Apple bu
yigitchani ishga olar ekan, xakerlar xizmatidan foydalanish an’anasini davom
ettirmoqda, deya ta’kidlaydi Tjournal. 2011-yili kompaniya
JailbreakMe yaratuvchisi Nikolas Allegrani yordamchi sifatida yollagan edi,
o‘shandan beri u jeylbreyk yaratishda ishtirok etmayapti.
Eslatib o‘tamiz, yaqinda Apple’dan bo‘shagan dizayner
kompaniyadagi qiyinchiliklarni bayon etgan edi.