Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yangi Galaxy S5 (yoki SV)da
ko‘z to‘r pardasi skaneri, barmoq izi skaneri paydo bo‘ladi, tezkor xotira va
batareya hajmi oshadi. Bu haqda ZDNet Korea tarqatgan ma’lumotga tayanib,
LookAtMe nashri xabar berdi.
Xabarda keltirilishicha, Samsung o‘z raqibi Apple’dan
nafaqat ortda qolmaslikka, balki o‘zib ketishga harkat qilmoqda. Galaxy S5 o‘z
egasini barmoq izidan tashqari, ko‘zning rangdor pardasi orqali ham taniy
oladi.
Samsung smartfonidagi muhim yangiliklardan yana biri
sifatida uning 2560×1440 pikselli QHD-displeyi tilga olinmoqda. Tezkor xotirasi
3 Gb, akkumulyatori hajmi 4000 mAh bo‘lishi kutilmoqda.
Samsung yangi smartfonni 2014-yilning fevralida
o‘tkaziladigan Mobile World Congress’da namoyish qilishi mumkin.
Nashrning ta’kidlashicha, shu o‘n yillik oxiridayoq
biometrik ma’lumotlar (barmoq izi, ko‘z to‘r pardasi) mobil qurilmalarda
parollar o‘rnini egallashi mumkin.