Apple kompaniyasi o‘z mahsulotlaridan foydalanuvchilarga
bolalarga mo‘ljallangan dasturlar ichidagi do‘konda ota-onalarining
ruxsatisiz sarflangan mablag‘ni qoplash uchun 32,5 mln dollar tovon puli
to‘laydi. Bu haqda "RIA Novosti” xabar berdi.
AQSh Federal savdo komissiyasining ta’kidlashicha,
amerikaliklardan bolalar qilgan xaridlar haqida o‘n mingdan ortiq shikoyat xati
tushgan. Agar bu xaridlarni bolalar ota-onalarning ruxsatisiz amalga oshirgan
bo‘lsa, Apple kompaniyasi ularni qoplashga rozi bo‘ldi. Komissiya rahbari Edit
Ramirezning so‘zlariga qaraganda, bu kabi holatlarda yuz, hattoki, ming
dollarlab pul sarflangan.
App Store dasturlar do‘konidan xarid qilish uchun parol
kiritish kerak. Biroq, komissiyaning ta’kidlashicha, xarid amalga oshirilgandan
so‘ng 15 daqiqa ichida xaridni erkin, parol kiritmasdan ham amalga oshirish
mumkin. Komissiya Apple kompaniyasidan foydalanuvchi xaridni bilib turib amalga
oshirishini kafolatlashni talab qildi.
App Store dasturlar internet-do‘koni shunga o‘xshash
xizmatlarning eng yirigi hisoblanadi. Apple ushbu internet-do‘konga o‘zining
mahsulotlarini joylashtirgan ishlab chiqaruvchilarga 70% daromadni topshiradi.
Apple’ning bosh rahbari Tim Kukning so‘zlariga ko‘ra, umumiy hisobda ishlab
chiqaruvchilarga 13 milliarddan ortiq dollar to‘langan. App Store 2008-yilda
ochilganidan buyon Apple mobil qurilma foydalanuvchilari dasturlarni 60
milliard marta ko‘chirib olgan.