Facebook Afrika osmoniga internet taratuvchi sun’iy yo‘ldoshni olib chiqadi
Facebook kompaniyasi Afrika qit’asi internet foydalanuvchilariga internetga kirish imkonini taqdim etuvchi sun’iy yo‘ldoshni ishlab chiqish ustida ish boshlaganini ma’lum qildi. Bu haqda “Korrespondent.net” xabar bermoqda.
Xabar berishlaricha, AMOS-6 sun’iy yo‘ldoshi loyihasi Fransiyaning Eutelsat telekommunikatsiya kompaniyasi bilan hamkorlikda tayyorlanmoqda.
Jahondagi eng yirik ijtimoiy tarmoq hisoblangan Facebook’ning asoschisi Mark Sukerbergning qayd etishicha, sun’iy yo‘ldosh orbitaga chiqqanidan so‘ng, Afrika ustida parvoz qiladi va qit’aning aksariyat qismiga internet signallarini uzatadi.
Facebook ma’lumotlariga ko‘ra, birgina Keniya va Nigeriyada tarmoqning 20 millionga yaqin foydalanuvchisi mavjud bo‘lib, ularning aksariyati internetga mobil qurilmalar orqali kiradi.
Sukerbergning hisob-kitoblariga ko‘ra, rivojlanayotgan mamlakatlarda internetga kirish imkoniyatlarining kengayishi 160 million kishini qashshoqlikdan olib chiqishga yordam beradi.