O‘zbekiston aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya
texnologiyalari davlat qo‘mitasi saytida O‘zbekistonda internet xizmatlari
tarifi va bozori tahlili e’lon qilindi.
Unga ko‘ra, 2013-yilda xalqaro internet tarmoqlariga
ulanishning umumiy tezligi 1,3 barobarga oshgan va bugungi kunda daqiqasiga 10
Gigabitdan oshiq ma’lumot olish imkoni mavjud. "O‘zbektelekom” AKda mazkur
tashqi internet kanallariga chiqish tezligini to‘rt martaga oshirish bo‘yicha
texnik imkoniyatlar bor. 2011-yil bilan taqqoslaganda, internet tarmog‘iga
ulanishning texnik imkoniyati 16 barobar, 2012-yilgiga nisbatan 2,12 martaga
oshgan.
So‘nggi uch
yilda "O‘zbektelekom” AK tegishli davlat organlari bilan kelishgan holda
xalqaro internet kanallari uchun operator va provayderlar tomonidan
to‘lanadigan ijara tariflarini 2,5 barobarga kamaytirdi. Natijada
mamlakatdagi internet provayderlari jismoniy shaxslar uchun internet xizmatlari
tariflarini 15 foizdan 80 foizgacha arzonlashtirgan. Milliy opreator eng
kam abonent to‘lovlari asosida tashqi trafikka ulanish imkonini beruvchi tarif
rejalari joriy qilgan (jismoniy shaxslar uchun tarif narxlari bugungacha
o‘rtacha 47 foizga arzonlashtirilgan).
Yuqori
tezlikdagi simli internet xizmatlarini ko‘rsatayotgan provayderlar
abonentlariga Tas-IX – Uznet tarmoqlari doirasida ma’lumotlar almashish
bo‘yicha xizmatni bepul taqdim etmoqdalar. O‘tgan yili bu tarmoqda trafik
almashish tezligi daqiqasiga 10 Gbitga yetkazildi. 2012 yil bilan
solishtirganda, tezlik ikki barobarga oshgan. 2014-yilda ham Tas-IX tarmog‘ini
tubdan modernizatsiya qilish rejalashtirilgan.
Joriy
yilning 10 yanvarida Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya
texnologiyalari davlat qo‘mitasida yurtimizdagi operator va internet
provayderlari mas’ullari ishtirokida tashkil etilgan yig‘ilishda ham internet
xizmatlari uchun narxlarni arzonlashtirish masalasi muhokama qilingan edi. Unda
Qo‘mita tizimidagi tegishli tashkilotlarga aholiga ko‘rsatilayotgan internet
xizmatlari sifati va ko‘lamini oshirish yuzasidan chora-tadbirlar bo‘yicha
tavsiyalar berildi.