Buyuk Britaniyada sayyoh selfi tufayli qamoqqa olindi
Kuvaytlik 38 yoshli sayyoh Naser Al-Ansari Buyuk Britaniyaning Brayton shahridagi savdo markazi tashqarisida esdalik uchun videorolik olayotganda politsiya xodimlari tomonidan terrorchilikda gumon qilinib qo‘lga olindi. Bu haqda “Hi-tech.mail.ru” xabar beradi.
Politsiya uni mashinaga olib borib uch soatga yaqin so‘roqqa tutdi va uning mobil telefoni ichidagi narsalarni diqqat bilan o‘rganib chiqdi.
Sayyohning so‘zlariga qaraganda, u qarshilik ko‘rsatmagan va uyga ketishni xohlagani uchun politsiya bilan hamkorlik qilishga tayyor ekanligini aytgan. Mahalliy politsiyaning ma’lum qilishicha, tekshiruv davomida hech qanday tahdid aniqlanmagan. Biroq yuqoridagi vaqt davomida sayyohning mobil telefoni to‘liq o‘rganib chiqilmaganligi sababli tergov ishlari davom etmoqda.