Rossiyada 15 yoshli qiz selfiga tushmoqchi bo‘lib, 30 metrli qoyadan quladi
Rossiyaning Primorye o‘lkasida tomsklik o‘quvchi qiz selfiga tushishga uringan vaqtda 30 metrlik qoyadan quladi. Rossiya Tergov qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, hodisa 24-avgust, dushanba kuni Xasan tumanida yuz bergan. O‘quvchi qiz Tomskdan 24 bola va uch o‘qituvchidan iborat guruh tarkibida Primorye o‘lkasiga tabiatshunoslik ekskursiyasida qatnashish uchun kelgandi. Guruh Yapon dengizi sohilidagi Gamova yarimorolidagi kempingga joylashgan. “Kechga borib o‘quvchilardan biri ajoyib tabiat manzarasi oldida e’tiborga molik surat olmoqchi bo‘lgan, biroq muvozanatni yo‘qotib, 30 metr balandlikdan toshlar ustiga qulagan”, — dedi Tomsk ma’muriyati matbuot xizmati vakili “Rossiyskaya gazeta”ga. Chaqiruv bo‘yicha yetib kelgan tez tibbiy yordam guruhi ham o‘quvchiga yordam bera olmadi — 15 yoshli qiz hodisa joyida vafot etdi. Hozirgi vaqtda mazkur holat yuzasidan tergov organlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Ma’lumot uchun, Rossiyada qayd etilgan selfiga tushish bilan bog‘liq bir qator baxtsiz hodisalardan so‘ng, mamlakat Ichki ishlar vazirligi 2015-yil iyunida hayot va salomatlikni xavf ostiga qo‘ymasdan selfiga tushish haqida ma’lumot beruvchi eslatmani tayyorlagandi.