Bollivud superyulduzi besh yil qamoq jazosiga hukm qilindi
Hind kinosining superyulduzi 49 yoshli Salmon Xon oqibati o‘lim bilan nihoyasiga yetgan YTH sodir etganlikda ayblanib, besh yil qamoq jazosiga hukm qilindi.
Aktyorning o‘zi aybini tan olmagan bo‘lsada Mumbay shahri polisiyasi tomonidan uning aybi isbotlangan degan xulosaga kelindi, deya xabar beradi Rg.ru nashri.
Hodisa 2002 yilning sentabr oyida sodir bo‘lgan. Xonning avtomobili soatiga 90 kilometr tezlikda novvoyxonaga urilgan. O‘sha payti yo‘l chetida bir nechta boshpanasizlar bo‘lgan. Oqibatda uch kishi yaralanib, bir kishi halok bo‘lgan.
Sud jarayoni o‘tgan yil boshlangan. 10 yildan ortiq ayblov tomoni dalil topa olmadi - aktyor YTH paytida avtomobil boshqarmaganligini ta’kidlagan, uning haydovchisi esa halokat yorilib ketgan g‘ildirak sababli yuz berganligini aytgan.
Biroq tergovchilar voqeaning to‘liq tafsilotlarini aniqlashga muvaffaq bo‘lishdi. Ular hodisa kuni Xon uzoq vaqtini akasi bilan barda o‘tkazib, keyin avtomobil ruliga o‘tirganligi va juda yuqori tezlikda Bandra Uest tumani bo‘ylab harakatlanganini aniqlashdi. Aktyorning mast holda ekanligini guvohlar tasdiqlashmoqda.
Prokurorlar aktyor uchun 10 yil qamoq jazosi talab qilishgan. Ammo uning himoyachisi aktyorning salomatligi va faol hayriya faoliyatini inobatga olishni so‘ragan.
Aktyor ustidan olib borilgan sud jarayoni Hindiston uchun katta voqea bo‘ldi. Sud qarorini nafaqat millionlab muxlislar, balki suratga olish ishlari to‘xtab qolgan kinostudiyalar ham kutishdi.
Salmon Xon kinoga 1980 yillarda kirib kelgan bo‘lib, u 100 dan ortiq filmlarda suratga tushgan. Bundan tashqari u teleboshlovchilik, qo‘shiqchilik va prodyusserlik faoliyati bilan ham shug‘ullangan. Aktyor 20 dan ortiq nufuzli mukofotlar sohibi.
So‘nggi ikki yilda Xon qamoq jazosini olgan ikkinchi hind aktyori bo‘ldi. Avvalroq bollivud jangari filmlari aktyori Sanjay Datt qurol saqlagani uchun qamoq jazosiga hukm qilingan edi.