Ayrim OAVlar va ijtimoiy tarmoqlarda mahkuma G. Karimovaga tegishli tibbiy yordam ko‘rsatilmayotgani hamda u doimo ruhiy bosim ostida ekanligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarning tarqalganini e’tiborga olib, Adliya vazirligi joriy yilning 3-4 iyul kunlari bevosita 21-sonli jazoni o‘tash Koloniyasiga borgan holda, holatni o‘rgandi. Bu haqda Adliya vazirligining Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabar bermoqda.
O‘rganish davomida aniqlanishicha, mahkuma G. Karimova Koloniyaga 2019 yilning 14 mart kuni olib kelingan va 7-otryadning 2-sektoriga (umumiy rejimdagi) joylashtirilgan.
U yerdagi yashash sharoitlari O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-ijroiya kodeksining (JIK) 117-moddasiga javob beradi. Unga muvofiq, umumiy rejimdagi koloniyalarda mahkumlar umumiy turar-joylarida yashashadi.
Shu bilan birga, G. Karimova JIKning 9-moddasiga muvofiq, o‘quv, badiiy va boshqa turdagi axborot materiallaridan foydalanish huquqidan foydalangan holda, Koloniya kutubxonasining a’zosi hamdir.
JIKning 78-moddasiga muvofiq, mahkuma G. Karimova yo‘qlov va banderol olish huquqidan ham foydalangan. Xususan, joriy yilning 2 va 3, 10 aprel hamda 10 iyunkunlari u tegishli banderol va yo‘qlov qabul qilingan.
2019 yilning 10 aprel kuni G. Karimovaning hisobvarag‘iga qizidan pul o‘tkazmalari kelib tushgan. G. Karimova jazoni o‘tash davomida koloniya do‘konidan to‘rt marotaba haridni amalga oshirgan va o‘rganish paytida uning hisobvarag‘ida muayyan miqdorda mablag‘ qolgani aniqlangan.
JIKning 76-moddasiga muvofiq, G.Karimova uchrashuv huquqidan foydalanmoqda. Xususan, 2019 yilning 12 aprelidan 15 apreligacha u oila a’zolari bilan uzoq muddatli uchrashuvda bo‘lgan (3 sutka).
G. Karimova ikkita qisqa muddatli uchrashuvlardan yozma ravishda bosh tortgan (2019 yilning 8 va 10 aprel kunlari).
G. Karimovaga 2019 yilning 2 va 17 aprel hamda 10 iyun kunlari Shveysariyalik advokati bilan uchrashish huquqi ta’minlangan. Bu o‘z navbatida uning huquq va erkinliklari ta’minlanayotganligini dalilidir.
JIKning 79-moddasiga asosan, mahkumlar cheklovsiz ravishda xat va telegrammalarni qabul qilish va yuborishlari mumkin.
Ushbu davr mobaynida G. Karimova tomonidan 2019 yilning 25 mart va 17 iyun kunlari ikkita xat jo‘natilgan.
Ta’kidlash joizki, G. Karimovaga tegishli tibbiy yordam ko‘rsatilmayotganligi haqidagi fikrlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.
2017 yilning dekabr oyida Sog‘liqni saqlash vazirligining komissiyaviy sud tibbiyot ekspertizasi Bosh byurosi tomonidan tibbiy ko‘rik o‘tkazilgan bo‘lib, uning xulosasiga (№70 15.12.2017y.) ko‘ra, G. Karimovada avvaldan ayrim surunkali kasalliklar mavjudligi aniqlangan.
Shu bois, G. Karimova 2019 yil mart oyida koloniyaga olib kelinishi bilan, uning salomatligini ta’minlash maqsadida bir necha bor malakali tibbiy yordam tashkillashtirilgan hamda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining tajribali mutaxassislarining tavsiyalari berilgan (kardiolog, ginekolog, stomatolog, yuqumli kasalliklar shifokori, funksional diagnostika shifokori, UZD shifokori, endokrinolog, gastroenterolog, ruhshunos va boshqa shifokorlar).
Shu bilan birga, komissiyaning hulosasiga ko‘ra G. Karimovada aniqlangan kasalliklar uning jazoni o‘tashiga halaqit bermaydi va “Og‘ir kasallikka chalingan mahkumlarnitibbiy tekshiruvdan o‘tkazish va ularni kasalligi tufayli jazoni o‘tashdan ozod qilishga taqdim etish qoidalari”da keltirilgan kasalliklar ro‘yxatiga kirmaydi (ro‘yxat raqami 1854-son, 09.09.2008 y.).
Mahkumalar bilan o‘tkazilgan suhbatlarda shu narsa aniqlandiki, G. Karimovaga jismoniy yoki ruhiy bosim o‘tkazish hollari kuzatilmagan, aksincha, boshqa mahkumalar G. Karimovaning yomon yashash sharoitlarda ushlab turilgani va unga bosim o‘tkazilayotgani to‘g‘risidagi ma’lumotlardan ajablanganlar. Xususan, u bilan bitta otryadda yashayotgan mahkumalar G. Karimova koloniyaga olib kelinganida, u deraza oldidagi krovatni tanlagani, bu vaqtda esa, mazkur krovat boshqa mahkuma tomonidan band bo‘lganini qayd etganlar. Shunday bo‘lsada, boshqa mahkuma G. Karimovaga o‘z o‘rnini bo‘shatib bergan.
G. Karimovaning salomatligini inobatga olgan holda, ushbu davrda u bir marotaba ham mehnat faoliyatiga jalb etilmagan. Bu holat Koloniya mahkumalari va ma’muriyati tomonidan ham tasdiqlandi.
Bevosita G. Karimova bilan bo‘lgan suhbat davomida u mahkuma sifatida o‘zining huquqlari cheklanayotganidan shikoyat qilmadi. G. Karimova bu mavzuda suhbatlashishni istamayotganini va asosan quyidagilar bo‘yicha o‘z e’tirozlarini bildirdi:
koloniyada bo‘lgan paytida unga yaqin bo‘lgan mahkumalarning boshqa otryadlarga o‘tkazilganiga;
uning fikricha, jinoiy ishni tergov qilishda qonunchilik talablari buzilganiga.
G. Karimovada ma’lum surunkali kasalliklar borligini inobatga olib, unga stasionar davolanish uchun yetarli sharoitlar yaratilgan. Adliya vazirligi xodimlari Koloniyaga borganlarida G. Karimova sanitariya bo‘limida bo‘lgan.
Suhbat chog‘ida G. Karimova unga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam sifatiga nisbatan hech qanday e’tiroz bildirmadi.
Vizual tekshiruv chog‘ida G. Karimovaning tanasida jarohatlar aniqlanmadi.
Shu bilan birga, aktivlarni qaytarish bilan bog‘liq ma’lumotlarga nisbatan oydinlik kiritish lozimdir.
Ma’lumki, boshqa xorijiy mamlakatlarda ham G. Karimovaga nisbatan tergov ishlari olib borilmoqda. G. Karimova ushbu tergov ishlariga ko‘ra, korrupsiya sxemalari orqali pul mablag‘larini o‘zlashtirish bo‘yicha ayblanmoqda. Biroq ayrim shaxslar ushbu dalillarni nazardan chetda qoldirgan holda, turli sabablarga ko‘ra, yuzaga kelgan vaziyatga nisbatan noxolis fikrlarni bildirmoqdalar.
Xorijda olib borilayotgan tergov ishlari materiallari va rasmiy manbalardan ma’lumki, G. Karimova va unga daxldor bo‘lgan shaxslar tomonidan Latviya, Shveysariya, Fransiya, Shvesiya, Niderlandiya va ehtimol boshqa mamlakatlarda ham korrupsiya sxemalari orqali pul mablag‘larini o‘zlashtirish ishlari amalga oshirilgan.
Ta’kidlash joizki, aktivlarni qaytarishga oid barcha muzokaralar va tadbirlar O‘zbekiston qonunchiligi va xalqaro huquq me’yorlariga muvofiq, Hukumat darajasida olib borilmoqda. Ushbu aktivlarga xorijiy davlatlarning vakolatli organlari tomonidan taqiq solingan, shu sababli ular G. Karimova (uning oila a’zolari)ning ixtiyorida emas va alohida shaxslar, jumladan G. Karimova (uning oila a’zolari)ning hatti-xarakatlari ushbu aktivlarni qaytarishga hech qanday ta’sir ko‘rsatmaydi.
Hozirgi kunda noqonuniy orttirilgan aktivlarning qolgan qismini O‘zbekistonga qaytarish chora-tadbirlari davom etmoqda.
Bundan ko‘rish mumkinki, noqonuniy orttirilgan aktivlarni O‘zbekistonga G. Karimovaning shaxsan o‘zi qaytargani yoki qolgan aktivlar bevosita G. Karimova yohud boshqa shaxslar tomonidan qaytarilishi mumkinligi haqidagi ma’lumotlar yuridik asosga ega emas va ishlarning haqiqiy holatiga to‘g‘ri kelmaydi, — deyiladi Adliya vazirligi xabarida.