Beeline Uzbekistan
aloqa operatori o‘zining Facebook’dagi rasmiy sahifasida abonentlarni
SMS-spamlar haqida ogohlantirdi.
Ma’lum
bo‘lishicha, so‘nggi paytlarda javob qo‘ng‘irog‘i, SMS-xabar yoki elektron xat
olish maqsadida SMS-spamlar yuborish hollari tez-tez sodir bo‘lmoqda. Bunda
firibgarlar abonentga ma’lum bir raqamga qo‘ng‘iroq qilishni so‘rab yoki
bironta raqamga SMS jo‘natish orqali turli xizmatlardan (goroskop, qo‘shiq
yuklab olish) foydalanish taklifi bilan SMS-xabar yuboradi.
Ko‘rsatilgan
raqamga qo‘ng‘iroq qilish yoki SMS yuborish natijasida abonent shaxsiy
ma’lumotlari, pul mablag‘laridan ayrilishi yoki mobil qurilma va kompyuteriga
zararli dasturni yuklab olishi mumkin.
"Bunday
SMS-xabar sizga ham jo‘natilsa, aslo ularga javob bermang”, — deyiladi "Bilayn”
xabarida. Mobil operator xabarni darhol o‘chirib tashlashni tavsiya
qilgan.
Postga fikr
bildirgan abonentlarning ko‘pchiligi ushbu holatning ular bilan yuz berganini ta’kidlagan.
Ularning ba’zilari "chuv tushib”, hisobidagi mablag‘idan ayrilganini yozgan bo‘lsa,
yana bir foydalanuvchi ko‘rsatilgan raqamga qo‘ng‘iroq qilganidan so‘ng
telefoni ishlamay qolganini qayd etgan.