"Bilayn-O’zbekiston” mobil aloqa operatori Toshkent shahri,
Toshkent va Sirdaryo viloyatidagi abonentlar uchun ogohlanirilmasdan yoqilgan
"Barcha uchun ovozli pochta” xizmatini o‘chirish USSD-kodini joriy etdi. Bu
haqda kompaniya saytida ma’lumotga tayanib "Kun” nashri xabar
qiladi.
Kompaniya saytidagi xizmat haqidagi sahifada ma’lumot
berilishicha, agar abonent kiruvchi qo‘ng‘iroqqa javob bermasa, "Barcha uchun
ovozli pochta xizmati” avtomatik tarzda ishlaydi. Biroq, ushbu xizmatdan
foydalanishni istamagan abonentlar o‘z telefonida ##61# kodini terib, xizmatni
o‘chirishi mumkin. Xizmatni qayta yoqish uchun **61*+998901850094# kodini
terishi kerak bo‘ladi.
Ma’lumot uchun, bungacha xizmatni faqatgina Beeline
kol-markaziga qo‘ng‘iroq qilib o‘chirish mumkin edi.
Eslatib o‘tamiz, "Barcha uchun ovozli pochta” xizmati
"Bilayn”ning yuqorida qayd etilgan hududlardagi abonentlar uchun 20-noyabr kuni joriy
etilgan edi. Kompaniya ushbu pulli xizmat haqida (har bir qoldirilgan ovozli
xabar haqi 3 sent) abonentlarni ogohlantirmagan edi va shu sabab ham
foydalanuvchilar tomonidan turlicha kutib olindi.
26-noyabr, seshanba kuni Facebook ijtimoiy tarmog‘i
foydalanuvchilari takliflaridan kelib chiqib, "Bilayn-O‘zbekiston” xizmatga bir
qator o‘zgartishlar kiritishga rozi bo‘lgani, jumladan, "yaqin vaqt ichida”
xizmatni o‘chirish uchun USSD-kodni joriy etishi ma’lum bo‘lgandi.