Avstraliyada Sidney shahridan janubi-sharqiy tomonga 200 km uzoqlikda joylashgan Goulbern shahriga o‘rgimchaklardan iborat yomg‘ir yog‘di. Odamlarning bu tabiiy hodisaga reaksiyalari turlicha bo‘ldi – kimlardir ijtimoiy tarmoqlarda oxir zamon kelganini aytishdi, ba’zilar esa olimlardan buning sababini tushuntirishni talab qilishdi.
May oyi Avstraliyada kuzning oxirgi oyi hisoblanadi. Bu faslda bu yerda ko‘p miqdorda yomg‘ir yog‘adi. Biroq kecha-kunduz Goulbernda yog‘gan yomg‘irni hech qanaqasiga oddiy deb bo‘lmaydi – odamlar ustiga suv tomchilari o‘rniga, o‘rgimchaklar yog‘a boshladi. Millionlab kichkina o‘rgimchaklar uylarning tomini, hovlilarni va ko‘chalarni qoplab, kumushrang o‘rgimchak ini bilan hammayoqni chirmab oldi.
Olimlar xavotirga tushib qolgan avstraliyaliklarni tinchlatib, buning sababini tezda topa olishdi. “Har yili may va avgust oylarida endigina tug‘ilgan o‘rgimchaklar iloji boricha daraxt tepasiga yuqoriroq ko‘tarilib, o‘zlarining inlarini parashyutga o‘xshab yoyishadi. Shamol ularni ushlab olib, uzoq masofalarga olib ketadi. Aynan shu tariqa bu hasharotlar yangi yerlarni zabt etadi, shuning uchun o‘rgimchaklarni dunyoning istalgan yerida topish mumkin. Odatda ularning bunday migratsiyasi ularning katta hududlarga yoyilib ketishi bilan boradi. Bu gal taqdir taqozosi bilan shamol ularni xaritadagi bir nuqtaga – Goulbern shahriga olib keldi. Aytish mumkinki, shahar aholisiga bu borada omad kulib boqmadi. Biroq agar siz aksincha o‘ylasangiz, xato qilmaysiz – hammasi insonning bu tabiat hodisasiga qanday qarashiga bog‘liq”, deb aytmoqda araxnolog olim (o‘rgimchaklarni o‘rganish bilan shug‘ullanuvchi mutaxassis) Kit Basterfild.