AQSh Iroqda IShIDning 500 mln dollar puli saqlanayotgan "bank"ni yo‘q qildi
AQSh tomonidan Iroqning Mo‘sul shahrida amalga oshirilgan havo zarbalari orqali IShIDning pul saqlash omborxonasi yo‘q qilingan. Bu "bank"da jangarilarning yarim milliard dollar atrofidagi mablag‘i bo‘lgan. Bu haqda IShIDga qarshi amaliyotlar bo‘yicha qo‘mondon o‘rinbosari, general-mayor Piter Gersten ma’lum qilgan.
"Bizda turlicha raqamlar bor. Razvedka bu ma’lumotni o‘rganmoqda. Men 300 milliondan 800 million dollargacha bo‘lgan mablag‘lar haqida eshitdim. O‘rtacha 500 mln dollar desa ham bo‘ladi", degan Gersten jurnalistlargan.
General jangarilarning "banki"ga qilingan hujumning ba’zi tafsilotlarini keltirgan.
Uning aytishicha, Mo‘sulning janubida saqlanayotgan mablag‘lar IShIDning pul taqsimlovchi amaldoriga, "moliya amiri"ga tegishli bo‘lgan. Bu bino ancha vaqtdan buyon kuzatuvda edi.
Ushbu uyda bolalar va ayollar ham yashagan, ammo asosiy hujum ular binodan tashqarida ekanida hujum amalga oshirilgan. Bu hujumda Isroil tajribasidan foydalanilgan.
"Biz Hellfire raketasini yo‘lladik va faqat binoning tom qismiga zarar yetkazdik. Bundan maqsad ichkaridagi ayollar va bolalarning tashqariga chiqib ketishini ta’minlash edi. Keyin amaliyot davom ettirildi. Shunga qaramay, operatsiya chog‘ida tinch aholi vakillari o‘rtasida qurbonlar bo‘lgan", degan Gersten.