Apple Inc. Moskva Arbitraj sudiga Amerika kompaniyasining iPhone, iPad, Macbook, Apple Watch va boshqa qurilmalarini sotadigan Rossiya internet-do‘konlari ustidan ikkita da’vo arizasi berdi, deb yozadi “RBK” sud hujjatlariga tayanib.
7,2 million rubllik birinchi da’vo bo‘yicha javobgar “Riona Plyus” MChJ (up-house.ru internet-do‘koni), Daniil Xovratovich va Ilya Chistyakov, 9 million rubllik ikkinchi da’vo bo‘yicha esa Pavel Suxachyov hamda u egalik qiladigan “Kompyuter” MChJ (cplaza.ru internet-do‘koni) va “Ayvengo” MChJ javobgar bo‘ldi.
Suxachyov hozircha Apple’ning da’vosini qabul qilib olganicha yo‘q, Amerika kompaniyasi u va uning kompaniyalarini sudga bergani haqida esa jurnalistlar orqali xabar topgan. Tadbirkor da’vo mualliflik huquqlari buzilishi bilan bog‘liq deb hisoblaydi.
2015-yil kuzida Suxachyov Apple manfaatlarini himoya qiluvchi Baker & McKenzie xalqaro yuridik kompaniyasidan shikoyat qabul qilgan, unda cplaza.ru domen nomi Apple Inc. tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan mahsulot belgilari huquqini buzishi aytilgan.