Umidaxon Mustaqillikning 26 yilligiga munosib sovg‘a tayyorladi
Erkinlikni, Vatanni madh etuvchi taronalar mamlakatda yashayotgan aholi uchun ma’naviy ozuqa bersa, xorijda yashayotgan vatandoshlar uchun yurt sog‘inchini tuyishga undaydi.
Vatanni tarannum etish — vatanparvar, xalqparvar san’atkorlarning birinchi galdagi vazifasi, xalq oldidagi burchi bo‘lmog‘i lozim.
Mustaqillik bayrami arafasida O‘zbekistonni madh etuvchi qo‘shiqlar soni ko‘paymoqda. Ko‘pchilik san’atkorlar Mustaqillik shodyonasiga o‘zining “munosib sovg‘asini” tayyorlayotgani hech kimga sir emas.
Bugun o‘zbek estradasining yosh xonandasi — “Nihol” mukofoti sovrindori Umidaxon Xojiyev o‘z ijrosidagi yangi taronani e’tiboringizga havola etish istagida.
“O‘zbekiston” deb nom olgan mazkur qo‘shiq O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 26 yillik to‘yiga tuhfa sifatida yaratildi.
“Mustaqillikning 26 yilligiga bag‘ishlab yaratgan taronamni Vatanimning yaxshi kuniga sovg‘a deb hisoblayman. O‘zbekiston — tarixi shonli, kelajagi buyuk mamlakat! Yurt oldidagi burchini bajarish har bir o‘zbekistonlikning vijdon amridir. Bugungi ijobiy o‘zgarishlarni e’tirof etishni Vatan oldidagi burchim deb hisobladim”, deydi xonanda.
Qo‘shiq Bahodir Nizomov so‘zi va musiqasi asosida yaratilgan bo‘lib, musiqiy sayqal Umid Obidov tomonidan amalga oshirilgan.
“Nihol” mukofoti sovrindori Umidaxon Xojiyev ijrosidagi “O‘zbekiston” nomli yangi qo‘shiqni saytimizning musiqa bo‘limida tinglash va ko‘chirib olish imkoniyatiga egasiz.