— Erimning ishlari orqaga ketganiga ancha bo'ldi. Biz o'sha paytlar uyimizni sotishga majbur edik va noiloj oyimning uyiga ko'chib kelib, u yerda yashay boshladik. Oilada o'g'il farzand bo'lmagani uchun ham oyimning uyida yashashimiz u qadar muammo tug'dirmadi. Eng boshida, albatta! Hozir esa…
Onamning fe'l-atvori juda og'ir, hamma narsa ham yoqavermaydi. Qarib qolgani uchunmi, bilmayman, ancha jizzaki. Men so'nggi paytlar erim va onam o'rtasida sarson bo'lib qolyapman. Yana bir tomondan onamni ham tushunaman. Uning gaplarida ham jon bor.
— Ering ishlamayotganiga ikki yil bo'ldi. Men o'z uyimdan joy berganman, uni otaliqqa olmaganman!
— Ish qidiryapti, oyi!
— Ikki yildan buyon shuncha ish chiqdi. Hali u-hali bu bahonani ro'kach qilib qancha joyga rad javobini berdi. Ikkita bolasini boqishni o'ylasa bo'lardi! Bu bo'lsa, ertalabdan kechgacha uyda yotgani-yotgan…
Xullas, oyimning e'tirozlari tugamaydi. Turmush o'rtog'im esa ko'ngildagiday ish topa olmayotganidan asabiy ahvolda. U avvallari yaxshi pul topar edi, bizni yaxshi yeb-ichirardi. Hozir esa kayfiyatida og'ir tushkun holat bor. Uyqu dorilarga ham o'rgangan. Ertayu kech yoki uxlaydi, yoki televizor ko'rib yotaveradi. Hozir barcha og'irlik mening bo'ynimda. Ham bolalarga, ham ko'chadagi ishga ulgurish juda malol kelyapti. Oilada yetishmovchilik ortidan ham juda ko'p janjallar yuzaga kelishiga endi amin bo'lyapman.
— Hadeb yotaverasizmi? Turib, ish qidiring! — dedim bir kun erimga baqirib.
— Qidiryapman, yoqmayapti! Buncha onang ikkoving meni chiqishtirmaysan, a? — dedi u ham g'azablanib. — Pulim borida atrofimda girdikapalak eding, hozir qaraging ham kelmaydi. Jin ursin, hammang bir go'rsan!
— Pulsiz erkak kimga kerak?! O'zingiz ham bunday o'ylang-da! Axir ikki yildan beri ishga kirmadingiz! Qachon biz ham uy olib chiqib ketamiz yoki sizga ichkuyov bo'lib yashash yoqib qoldimi?!
— Ichkuyov — itkuyov! Onang ham turtkilagani-turtkilagan. Oshxonada ovqat yesam ham gapiradi, televizor ko'rsam ham ming'illaydi, umuman, u yerdan bu yerga o'tib qolsam ham gap bilan chaqib olaveradi. To'yib ketdim!..
— To'yib ketgan bo'lsangiz, ish toping!
— Kimning menga ko'zi uchib turibdi, buncha menga oson tutmasang?!
— Qanday ish bo'lsa ham qilavermaysizmi? Axir ro'zg'orning kam-ko'sti bor, xarajatlarimiz bor…
Erim ko'zlarini katta-katta ochib, xuddi mendan qattiq ranjiganday uydan chiqib ketdi. Biz avvallari umuman urishmasdik. Erim doim nima desam olib beradigan, ko'nglimga qaraydigan inson edi. Hozir esa haqiqiy tanbalga aylangan.
Oyim bilan o'rtalarida katta janjallar bo'lmagan. Ammo bir-biri bilan gaplashishayotganida xuddi tok urganday bazo'r o'tiraman. Ularning o'rtasidagi iliqlikni birgina erimning ishsizligi bilan baholash o'rinsiz. Oyim erimni hech qachon xushlamagan. Shunga qaramay, hozir biz hech qanaqasiga uy oladigan sharoitda emasmiz.
— Sen, yaxshisi, bu ahmoq ering bilan ajrash. Seni juda zo'r joylardan so'rashyapti, men ering haqida aytgan edim, yaqinda ajrashishingni ham…
- gaplari meni shok holatiga tushirdi. Men erimni juda yaxshi ko'raman. Ishsizligini aytmasa, bir-birimizni doim qo'llab-quvvatlagan juftliklar qatoriga kirganmiz. Oyimning dabdurustdan aytgan bu gapi…
— Nimalar deyapsiz o'zi, nimalar haqida gapiryapsiz, oyi?! Men oilali ayolman, qanaqa sovchi?!
— Hozir oilalisan. Tez kunlarda ajrashasan, — bamaylixotir va qat'iy gapirdi onam. — Bunday odam bilan butun umr yashab bo'larmidi?!
— Bas qiling, oyi! — o'rnimdan turib ketdim. — Bu gaplaringizni erim eshitsa, katta janjal chiqadi. Men u bilan ajrashishni istamayman. Xavotir olmang, tez kunda uyingizdan chiqib ketamiz!..
— U yigit ham ajrashgan ekan, ikkita o'g'li bor emish. Lekin o'g'illari xotinida. Juda boy-badavlat…
— Q-qaysi yigit? — duduqlanib so'radim men.
— O'sha senga og'iz solmoqchi bo'lgan-da…
— Oyi, yetar, men siz bilan ortiq bu mavzuda gaplashmayman. Xomxayollaringiz nafaqat uyatli, balki, achinarli!
Tan olaman, oyim boylikka o'chroq ayol. Shuning uchun ham hozir erimni ko'rishga ko'zi yo'q. Har kuni ajrashishim kerakligini qulog'imga quyadi. Balki, sizlarga oyimning fe'li juda hayratlanarli bo'lib ko'rinayotgandir. Ammo men yoshligimdan bunga ko'nikib ketganman. Erim esa tabiiyki, ko'nikolmaydi. Ikki xil dunyo odamlari bir-biri bilan hech ham til topisha olishmayotgani yuragimni qon qilib yuborgan. Bu borada opalarimdan ham maslahat so'rab ko'rdim. Ular ijaraga uy olib chiqib ketishim kerakligini aytishmoqda. Biroq hozirgi sharoitimda ijaraga uy olib yashashim…
Bu tarafda esa erim ruhiy tushkunlikdan chiqib keta olmayapti. Tez-tez chekadigan, boshini qo'llari orasiga olib xayol suradigan odat ham chiqargan. Bularning bari menga ta'sir qilib, ba'zan, «Ehtimol, oyimning gapida jon bordir?!» degan fikrga ham kelib qolyapman. Va bu fikrdan qo'rquvni ham his qilaman. Erimga hattoki oyimning bu gaplari haqida ham aytdim. Ta'sir qilmadi. Hattoki «Men kabi tanbal, qo'lidan hech narsa kelmaydigan erkakni nima qilasan?» deya yana-da chuqurroq tushkunlikka berildi.
Turmushning bu zarbalaridan qiynalib ketdim. Menga maslahat bering, qanday yo'l tutsam, hayotim iziga tushadi. Gohida endi hech nimani o'zgartira olmayotganday his qilaman o'zimni. Maslahatingizga muhtojman, azizlar!
SABINA