Turkiyada 3 oyga favqulodda holat tartibi joriy qilindi
Turkiya 3 oy muddatga favqulodda holat tartibini joriy qildi. Bunday qaror davlat to‘ntarilishi amalga oshirish harakatidan 5 kun o‘tgach qabul qilindi, deya xabar beradi Euronews.
Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an Milliy xavfsizlik kengashi hamda Vazirlar mahkamasining qo‘shma yig‘ilishida mamlakatda favqulodda holat joriy etilishini e’lon qildi. U bunday choralar konstitutsiyaga zid emasligini qayd etdi:
“Favqulodda holatni joriy etishdan maqsad xavfni tez va samarali yengish borasida zaruriy choralarni qabul qilish. Yuzaga kelgan ushbu xavf demokratiyamizga, qonun ustuvorligiga, shuningdek fuqarolarimizning huquq va erkinligiga tahdid qiladi.”
Shu kunlarda Turkiyada qo‘lga olinganlar, o‘z vazifasidan ozod qilinganlar soni 60 000 yetdi. Ular orasida – harbiylar, polisiya xodimlari, sudyalar va boshqa davlat xizmatchilari, shuningdek o‘qituvchilar ham bor.