Qo‘qonda qizlarni Turkiyaga yuborish bilan shug‘ullangan ayollar sudlandi
Qo‘qon shahri sudi yosh qizlarni Turkiyaga yuborish bilan shug‘ullanib kelgan Sojida Davidova va Mukarram Sirojovalar ustidan hukm chiqardi. Voqea tafsilotlari “Huquq” gazetasida yoritildi.
Aytilishicha, Mukarram Sirojovaning qizi Mavjuda ikki yil muqaddam Turkiyaga ketib, u yerda o‘zbekistonlik qizlar “savdo”sini yo‘lga qo‘ygan. Unga bu ishda onasi va dugonasi Sojida Davidovalar yordam bergan. Ular chiroyli qizlarni topib, Qozog‘iston va Qirg‘iziston orqali Istanbulga jo‘natishgan, shuningdek, O‘zbekistonga noqonuniy yo‘llar bilan yuborilgan pullarni tegishli odamlardan olib, to‘plab borishgan.
Mana shunday yo‘l bilan olib ketilayotgan qizlardan birining onasi o‘z vaqtida huquq-tartibot xodimlariga murojaat qilgani bois jinoyatchilar Toshkentdan Qozog‘istonga o‘tishga harakat qilayotgan chog‘da qo‘lga olindi.
Ayni paytda Davidova va Sirojovalarning sud ishi yakunlandi, ularning Turkiyadagi sheriklarini aniqlash va qo‘lga olish choralari ko‘rilmoqda.