Turkiyada “O`zbek madaniyati kuni” nomi ostida o`tkazilgan konsert shov-shuvlarga boy bo`ldi. Sababi, birgina shou qo`shiqchilik san`ati, milliy taomlar, zamonaviy va milliy ruhda yaratilgan podiumni qamrab oldi! Birinchi kun – 17 mayda O`zbekiston madaniyati kuni ochildi. Ulkan kema Istanbul bo`g`ozida suzib, mehmonlarga o`zgacha kayfiyat baxsh etdi. Shouning kutilgan mehmonlari – O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Rayhon hamda “jonli ijro qiroli” ta’rifini chin ma`noda qozona olgan Jahongir Otajonov edi. Istanbul bo`g`ozida o`zgacha ruhda ajralib turgan kemaga mehmonlar lutfan taklif etildi. Shundan so`ng, kema o`z harakatini bo`g`oz bo`ylab davom ettirishga kirishdi. Qizig`i shundaki, Istanbulda ko`plab o`zbek san`atkorlari ishtirok etgan konsert dasturlari bo`lib o`tgan. Lekin bunaqasi ilk marotaba edi! Sababi, hali biron konsertga o`zbek san`atining ashaddiy muxlislari hali bu qadar ko`p yig`ilgan emas!
Milliy kuy-qo`shiqlarimizga talpingan qalblar ila Vatanimizning ruhiyatini o`zga yurtlarda his qilayotganimiz bu tadbirning eng asosiy mohiyati desak adashmaymiz. Chunki, Vatanga bo`lgan muhabbat, yurt san`atiga bo`lgan e`zoz hech qachon qarimaydi, hech qachon eskirmaydigan mavzudir. Mana shu mavzuni ulug`lab, uni bardavom qilish PROART ISTANBUL , umuman, PROART kompaniyasining asosiy maqsadlaridan biriga aylangan. PROART kompaniyasi bir nechta hamkor tashkilotlar - Istanbuldagi “O`zbegim milliy taomlari” restorani, Istanbul Belediyesi kultur mudurligi va PROART ISTANBUL kabilar boshini bir qilib, katta loyihani amalga oshirishga erishdi. Bundan tashqari, “O’zbeknavo” estrada birlashmasi, xalqaro prodyuser Sirojiddin Takhirov ham o`z munosib hissasini qo`shdi. PROART rahbari Javlon Kamalovning so`zlariga ko`ra, bunday tadbirlarni tez-tez tashkil etish yurtga bo`lgan sadoqat va uning san`atiga bo`lgan muhabbatni mustahkamlaydi. Istanbulda boshlangan ilk katta qadamlar boshqa davlatlarga ham yetib, Vatandan olisdagi yurtdoshlarimiz davrasida ham shunday madaniy loyihalar o`tkazilishi rejalashtirilgan.
Yana kemadagi shouga qaytsak…Dasturning “fashion” qismi juda qiziqarli kechdi. Unda uch taniqli dizayner liboslar to`plamini taqdim etdi: Dildora Kasimova, Iroda Rizaeva va Begzod Saitov.
Boshlovchilar: turkiyalik mashhur telejurnalistlardan biri Dog`ukan Erdem Kutlu va o`zbek hamda xorijiy tillarda eng ravon so`zlovchi jurnalist Nilufar Sotiboldiyeva. Bu ikki boshlovchi o`z ishiga shu qadar kirishib ketdiki, ularning uyg`un muloqotida ikki xalqning uzoq yillik do`stlik, qardoshlik rishtalarini ko`rish mumkin edi. Yana bir qalbimizni larzaga slogan narsa shu bo`ldiki, har bir stolda bayrog`imiz savlat to`kib turardi! Unga qarab turib, yanada yuksak iftixor tuydik! Dasturxonga milliy taomlar tortildi. Menimcha, oshsiz bizning hech qanday kechamizni tasavvur qilib bo`lmaydi!
Jahongir Otajonov kemaning ichida ko`rinishidanoq, tomoshabinlar hayajonini bekitishiga hojat qolmadi. Otajonov mikrofonni olib, o’z uslubida jonli ijroda qo`shiq kuylashga kirishib ketdi. Birinchi qo`shiq qaysi bo`lishi mumkin? Albatta, “Men nechun sevaman, O’zbekistonni?!”. Bu qo`shiqsiz shu xonandaning jonli ijrosini tasavvur qilib bo`lmaydi. Ta`bir joiz bo`lsa, Vatan hidi kelib turadigan shu qo`shiq jarangining o`zidayoq davraga fayz kirdi. Hamma raqsga tusha boshladi va raqs konsert so’ngigacha tugamadi.
Jahongirdan keyin navbat latofatli Rayhonga taqdim etildi. Xonanda eng sevimli xitlarini kuylab, muxlislar qalbiga shodlik ulashdi.
“O`zbek madaniyat kuni” 18-may kuni Rayhonning yakkaxon konserti bilan davom etdi. Sevimli yulduz Echevit Kultur Markazida o`z shousida muxlislarini qarshi oldi. Dushanba kuni bo`lishiga, madaniyat markazi shahar chetida joylashganiga qaramay zal tomoshabinlarga liq to`ldi. Xonanda sahnada paydo bo`ldi. Unga shunday qobiliyat berilganki, sahna harakatlarining birontasi tomoshabin nazaridan chetda qolmaydi. Yurtimizda Rayhon qanday qarshi olinsa, Istanbul sahnasida ham shunday olqishlandi.
Rayhon Istanbuldagi ilk shousiga katta tayyorgarlik ko`rgani yaqqol sezildi. U ikki qismli dasturida eng sara qo`shiqlarini - ijodini boshlagandan toki hozirgacha kuylagan repertuaridan saralangan xitlarini kuyladi. Bu esa tomoshabinlarni madaniy hordiq chiqarishlariga, tinmay raqsga tushishlariga sabab bo`ldi. Konsertning birinchi qismda qiziqarli voqealar sodir bo`ldi. Muxlislar sahnadagi yulduzga maxsus yasalgan oppoq gulchambar taqishdi. Ikkita qizaloq sahnaga chiqib, Rayhonga maxsus shirinliklar tuhfasini ulashdi. Ulardan biri Rayhoning “Yurak uradi” klipida suratga tushgan jajji qahramonlardan biri edi. Gullar, xonanda va egizaklari suratining maxsus portreti va eng muhimi, zaldagilarning bahoriy kayfiyatidan xonandaning boshi ko`kka yetdi! Shundan so`ng xonanda va muxlislarning birgalikdagi “selfimaniya”si boshlanib ketdi. Konsertning ikkinchi qismi boshlanishidan oldin boshlovchi Nilufar Sotiboldieva syurpriz borligini e’lon qilib ulgurmay, buni anglab yetishgan ko`rinadi shekilli zalda qiy-chuv boshlandi. Jahongir Otajonov! U o`ziga xos uslubda paydo bo`ldi va eng sara qo`shiqlarini kuyladi. Hatto sahnadan bir sakrab, tomoshabinlar orasiga yugurib ketdi! Xonanda Istanbul ko’chalaridan xarid qilgan antiqa musiqa asbobini ilk marta sinovdan o`tkazdi: uni chalib, jonli ijroda qo`shiq kuylab, olqishlarga ko`mildi.
Jahongir Otajonov o`z hamkasbini qutlaganidan so`ng sahnada yana Rayhon paydo bo`ldi. U bu gal sahnada joriy yilda PROART tomonidan tashkil etilgan yakkaxon konsert dasturlarida kiygan qirmizi libosda paydo bo`ldi va go`zal imiji bilan muxlislarini hayratga soldi. Shundan so`ng xonanda o`zining eng raqsbop xitlarini kuylay boshladi. Hamma raqsga tushdi. Rayhon o`z konsert dasturini xushkayfiyatda yakunladi.
Shu bilan ikki kunlik yirik loyiha o`z nihoyasiga yetdi. Proart Istanbul va Proart kompaniyasining dunyo bo`ylab quloch yoyishiga tilakdoshmiz. Fidoyi rahbari bor bo`lgan ana shunday kompaniyaning kelajagi ham porloq bo`lishiga ishonamiz. Yaxshi niyatlar, ezgu rejalar va butun loyihalar hamisha bor bo`lsin!