Coca-Cola kompaniyasi britan olimlari tomonidan o‘tkazilayotgan semizlik va shirin gazli ichimliklar iste’mol qilish o‘rtasida bog‘liqlik mavjud emasligini isbotlashga qaratilgan tadqiqot ishlariga million funt sarfladi, deya xabar berdi The Times.
Nashrning tasdiqlashicha, konsern nafaqat o‘ndan ziyod ilmiy tadqiqotlarni moliyalashtirgan, balki sog‘liqni saqlashga mas’ul hukumat vakillarini ham sotib olgan. Shu bois ular o‘z chiqishlarida Coca-Cola ichimligi ortiqcha vaznga sabab bo‘lishi to‘g‘risidagi ma’lumotlarga shubha ko‘zi bilan qarashgan.
Ayni paytda, ko‘plab ekspert-parhezshunoslar shakarning me’yoridan ortiqcha iste’mol qilinishi semizlikka olib keladi, degan xulosaga kelishgan. Birgina Britaniyada har yili 50 ming kishi ortiqcha vazn tufayli hayotdan ko‘z yumadi. Me’yoridan ortiqcha shakar iste’mol qilish keltirib chiqargan kasalliklarni davolash esa davlatga 5 mlrd funtga tushadi. Parhezshunoslar, shuningdek, noto‘g‘ri ovqatlanish organizmga alkogol va sigaretdan ko‘ra ko‘proq ziyon keltiradi, degan fikrni ilgari surmoqda.
“Coca-Cola kompaniyasi nafaqat jamoatchilik fikri, balki siyosiy qarorlarni ham manipulyatsiya qilmoqchi. Ularning bu harakati ilmiy tadqiqotlarga ta’sir ko‘rsatishga intiladigan alkogol va tamaki mahsulotlari ishlab chiqaradigan kompaniyalar tutadigan yo‘lni eslatadi. Bu yerda manfaatlar to‘qnashuvi sodir bo‘lmoqda”, - dedi
Faculty of Public Health tashkiloti a’zosi Saymon Kepvell.
Konsern vakilining The Times nashriga ma’lum qilishicha, kompaniya faqatgina mustaqil olimlardan ichimliklar tarkibiy qismlari borasida ilmiy izlanishlar olib borishni buyurtma qiladi.