O‘zbekiston
hukumati "Davlat mulkidan samarali foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni
tasdiqladi.
Ushbu hujjatga muvofiq, qator obyektlar bepul asosda davlat
organlari va boshqa tashkilotlarga beriladi. Bu qaror davlat va xo‘jalik
boshqaruvidagi organlar, nodavlat notijorat tashkilotlar moddiy-texnik bazasini
mustahkamlash, shuningdek, davlat mulkidan samarali foydalanishni ta’minlash
uchun qabul qilindi.
Yangi egalarga topshiriladigan obyektlar orasida "Coca-Cola
Ichimligi Uzbekistan LTD” salqin ichimliklar ishlab chiqarish korxonasi ham bor.
Ushbu qo‘shma korxonaning 57,12 foizdan iborat davlat hissasi O‘zbekiston
Respublikasi Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni
rivojlantirish qo‘mitasi qoshidagi Davlat aktivlarini boshqarish bo‘yicha
markazga topshiriladi.
Bundan tashqari, Toshkent viloyati hokimligi binosining bir
qismi "Sog‘lom avlod uchun” jamg‘armasiga, eski konservatoriya binosining bir
qismi esa V. Uspenskiy nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqiy akademik
litseyiga beriladi.
Shuningdek, Davlat soliq qo‘mitasi O‘zbek davlat jahon
tillari universitetining eski binosiga, Toshkent Ichki ishlar bosh boshqarmasi
esa Xalq ta’limi vazirligining sobiq binosiga ega bo‘ladi.