Sirdaryoda chaqalog‘ini 800 dollarga pullagan ona 4 yilga qamaldi
Sirdaryo viloyati Baxt shahar tug‘ruq kompleksida akusher-ginekolog bo‘lib ishlagan shifokor ayol chaqaloqfurushligi uchun mahkamaga tortildi, deb yozadi “1news.uz”.
“Adolat ko‘zgusi” nashri bildirishicha, ismi oshkor etilmagan shifokorga homilador ayol murojaat etib, tug‘ilajak chaqalog‘ini dunyoga keltirish va sotishda yordam so‘raydi. Shifokor va homilador ayol hali tug‘ilmagan chaqaloqni qoraqalpog‘istonlik ayolga 1000 dollarga sotishga kelishadi, ammo keyinroq mijozlar aynib, bolani olishdan bosh tortadi. Keyin esa sotib oluvchi ota-ona rolini o‘ynayotgan huquq-tartibot organi xodimlari shifokorga mijoz sifatida murojaat qiladi.
Shu tariqa akusher va go‘dakning onasi bolani 800 dollarga sotayotganda qo‘lga olinadi. Qayd etilishicha, jinoyat ishlari bo‘yicha Sirdaryo tuman sudi ikki jinoyatchi ayolni 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum etgan.