Shahzoda Muhamedova ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida “Shok.uz” saytini xodimlarini o‘zi haqida yolg‘on xabar tarqatayotganlikda aybladi.
Aktrisa “shok.uz” saytida chop etilgan maqola suratini ijtimoiy tarmoqdagi sahifasiga joylab, maqola ostida alamli fikrlarini bayon etdi. Unga ko‘ra “shok.uz” sayti xodimlari go‘yoki Shahzoda Muhammedovani taniqli aktrisalardan birining bo‘lajak turmush o‘rtog‘i bilan yaqin munosabatda ayblashgan.
Muammo nimada?
Aktrisaning ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida joylagan ushbu maqola ayni damda ko‘plab muxlislarning bahsiga sabab bo‘lmoqda. Ayni damda kimdir “shok.uz” saytining bu qilmishini qoralasa, kimdir yonini olishga, yana boshqa birov esa aktrisaga tasalli beriga urinmoqda. Biz ushbu anglashilmovchilikka oydinlik kiritish maqsadida Shahzoda Muhammedova hamda “shok.uz” sayti xodimlari bilan bog‘lanib, ularni tahririyatimizga chorladik.
Afsuski, tahririyatimizga Shahzoda Muhammedovaning o‘zi keldi, xolos. “Shok.uz” sayti direktori Oybek Nishonboyev ayni paytda poytaxtda emasligini ma’lum qildi. Shu tariqa aktrisaning o‘zi bilan suhbatimizni boshlashga qaror qildik. Darvoqe, bu mojaroli maqolada aynan Shahzoda Muhamedovaning nomi tilga olinmagan. Unda muammo nimada?
Ularning nima haqqi bor?
Shahzoda Muhammedova: — To‘g‘ri, sayt xodimlari maqolada suratimni qo‘yib, aynan mening ism-sharifimni keltirib o‘tmagan. Biroq, muxlislar saytdagi maqolaga izoh bildiririb, bu gaplar Shahzoda Muhammedovaga tegishli deb yozishdi. Shunda ham men bunga e’tibor bermaslikka harakat qildim. Ammo muxlislar, yaqin do‘stlarim, qarindoshlarim “qara, sen haqingda yozishyapti”, deyavergach asabiylasha boshladim. Chunki hammaning og‘zidan bir gapni, tag‘in asossiz tuhmatni eshitaverganingidan so‘ng alam qilarkan. Men sayt xodimlari bilan bog‘lanib, maqolani o‘chirib tashlashlarini talab qildim. Maqola bir muddat yo‘qolib qoldi. Oradan vaqt o‘tib sayt xodimlari aynan shu maqolani qayta joylashtirib qo‘ydi. Yana tuhmat, yana mish-mish... Avvaliga meni bir aktyorga, so‘ng yoshi kattaroq bir bank xodimiga tenglashtirdi. Men ortiq chidab turolmayman! “Shok.uz” sayti nafaqat meni, balki boshqa hamkasblarimni ham g‘iybat qilib, obro‘yini to‘kkanligi uchun javob beradi! Men saytning bir qator loyihalarida ishtirok etolmagan ko‘plab san’atkorlarga nisbatan orqavarotdan ana shunday noo‘rin gaplar tarqatilganini bilardim. Ammo, vaqti kelib o‘zim ham ana shunday san’atkorlarning holiga tushib qolaman deb o‘ylamagandim.
“Aktrisani ajrashgan eriga bankir bilan yurgan boshqa aktrisa o‘ynash bo‘lib oldi” sarlavhasi ostida yozilgan maqolada quyidagi fikrlar mavjud: (maqola fotosi)
Maqolada xonandaning ism sharifi, surati ko‘rsatilmasada, aktrisaning o‘ziga tegishli bo‘lgan ma’lumotlar joylanibasossiz shov-shuv ko‘tarishga urinishgan. Biz Shahzodaning yuqorida aytib o‘tgan fikrlari borasida bir oz jonli tasavvur xosil qilishingiz uchun lavhalarni o‘z holicha taqdim etishga qaror qildik!
Ikkinchi taraf nima deydi?
Albatta ommaviy axborot vostlari, xususan saytlarda shaxsni kamsituvchi, obro‘sizlantiruvchi ma’lumotlarni chop etish uchun tegishli tartibda javobgarlik belgilangan. Xo‘sh, bu haqda sayt xodimlari ngima deyishadi?
Oybek Nishonboyev, sayt ma’muri:
— Saytda chop etilgan maqolada Shahzodaninig ism sharifi keltirilmagan-ku? Nega u bu gap so‘zlarni o‘ziga tegishli deb hisoblayapti? Shahzodaning maqsadi, gazetangiz orqali bizning saytimizni qoralashdan boshqa narsa emas! Shahzoda istagan vaqtda sudga murojaat etishi mumkin. Ammo sudda baribir biz yutib chiqamiz. Chunki, yana bir bor aytib o‘taman: maqolaning Shahzodaga hech qanday dahli yo‘q. Aktrisaning o‘zi negadir bu maqola menga tegishli deb hisoblayapti.
Oybek bilan qayta bog‘lanib, ba’zi savollarimizga izoh so‘raganimizda, u hech qaysi savolimizga javob bermasligini ma’lum qildi.
Savol ketidan savol tug‘iladi. Maqola Shahzoda Muhammedovaga tegishli emas ekan, nega sayt xodimlari maqolani sahifadan o‘chirdi? Nega tahririyatga kelib, Shahzoda bilan yuzma-yuz bo‘lishdan, ushbu noxushlikka oydinlik kiritishdan bosh tortdi?
O‘ylanib qoldik, sayt xodimlarining bunday harakatlari jurnalistika me’yorlariga mos kelarmikin? Nahotki, sayt xodimlari, nozik did sohib va sohibalari bilan qanday muomala qilish kerakligini bilishmasa? Umuman, kim bo‘lishidan qat’iy nazar, shaxsni asossiz qoralashga, yomonotliq qilib ko‘rsatishga jurnalist haqlimi?
Ayni damda Shahzoda Muhammedova sayt xodimlarining bunday hatti-harakatlari yuzasidan sudga murojaat qilganini aytdi. (suratlar+Shahzoda Muhammedovaning tergovchining eshigini taqillatayotgani holati).
Mohichehra EShMIRZAYEVA