Sevara Nazarxon “Yulduzlar bilan raqs” loyihasini tark etdi
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Sevara Nazarxon “Rossiya 1″ telekanali tashkil etgan “Yulduzlar bilan raqs” loyhasidagi ishtirokini to‘xtatdi.
“Yulduzlar bilan raqs” loyihasining yettinchi bosqichida Sevara Nazarxon o‘z sherigi Aleksandr Nabiullin bilan birgalikda Gven Stefanining «Rich Girl» qo‘shig‘i musiqasi ostida samba raqsini ijro etdi. Lekin ushbu juftlik bu ijro uchun o‘z raqiblari Yekaterina Volkova hamda Mixail Shepkindan kamroq ball oldi va loyihani tark etishga majbur bo‘ldi.
“Sevara bu loyihada ishtirok etish uchun va ishtiroki davomida juda ko‘p narsa o‘rgandi. U bungacha hali umuman raqs tushmagan edi, lekin o‘z mahorati bilan hammamizni qoyil qoldirdi. Biz u bilan 7 marta ajoyib chiqish qildik”, deydi jurnalistlarga bergan intervyusida Aleksandr Nabiullin.
Qayd etib o‘tish joizki, Sevara Nazarxon Rossiyadagi bunday loyihalarda chiqishlar qilish orqali rus auditoriyasida ancha mashhur bo‘lib ketgan. Avvaliga u “Birinchi kanal”da “Golos” loyihasidagi qo‘shiqlari bilan tanilgan, keyinroq Rossiya va MDH davlatlaridagi 30 dan ortiq shaharda konsert bergan.