Samsung kompaniyasi mobil qurilmalar, televizorlar va
maishiy texnika jihozlarini birlashtiruvchi Smart Home platformasini taqdim
etdi. Bu haqda Samsung blogida xabar
berilgan.
Smart Home platformasining tarkibiy qismlaridan biri
smartfonlar uchun ishlangan maxsus dasturdir. Foydalanuvchi uning yordami bilan
uydagi boshqa elektr jihozlarini boshqarishi, masalan, konditsionirni
o‘chirib-yoqishi, chiroqlarni pasaytirishi mumkin bo‘ladi. Agar maishiy texnika
jihozi kamera bilan ta’minlangan bo‘lsa (masalan, Samsung televizorlarida
kamera mavjud), ulardan olingan tasvirlarni bu dastur smartfon ekraniga uzatib
turadi.
Bulardan tashqari, dastur har bir jihozning holatini ham
nazorat qilib boradi. Deylik, biror jihozda rejadagi tekshiruv vaqti
kelganligini, boshqasining batareykasini almashtirish lozimligini eslatib
turadi.
Smart Home doirasidagi jihozlar Samsung tomonidan ishlab
chiqilgan SHP protokoli orqali o‘zaro ma’lumot almashadi. Mazkur protokol
haqida hozircha batafsil ma’lumot berilmayapti.
Smart Home platformasi 7-yanvarda Las-Vegasda ochiladigan
Consumer Electronics Show (CES) ko‘rgazmasida namoyish etiladi. Foydalanuvchilar
uni joriy yilning birinchi yarmidayoq ishlatib ko‘rishlari mumkin bo‘ladi.
Ma’lum bo‘lishicha, CES ko‘rgazmasida Smart Home’ga o‘xshash
mahsulotni Samsung’ning asosiy raqiblaridan biri – LG kompaniyasi ham namoyish
etadi. Uning HomeChat tizimi maishiy texnika jihozlarini telefondan
yuboriladigan matnli xabarlar orqali boshqarish imkonini beradi.
Manba:daryo.uz