O‘tgan yili birinchi marta dunyo bo‘yicha bir milliard
donadan oshiq smartfon sotildi. 2012-yil bilan solishtirganda, bu borada o‘sish
38,4 foizni tashkil etdi. Bu haqda maxsus tadqiqot o‘tkazgan IDC kompaniyasi ma’lum
qilmoqda.
Shuningdek, 2013-yilda ilk bora telefonlar savdosi umumiy
hajmining yarmidan ko‘prog‘ini smartfonlar tashkil etdi. Xuddi avvalgi
yildagidek, bu borada bozorning yetakchisi Samsung bo‘ldi – u sotgan
smartfonlar bozorning 31,5 foizini tashkil etdi.
Ikkinchi o‘rinni esa Amerikaning Apple kompaniyasi 15,3
foizlik ko‘rsatkich bilan egallab turibdi. Xitoylik ishlab chiqaruvchilar:
Huawei hamda Lenovo o‘tgan yili smartfon bozorining uchinchi va beshinchi
o‘rinlaridan joy olishdi. Smartfonlar sotilishi bo‘yicha to‘rtinchi o‘rinni esa
Koreyaning LG kompaniyasi band etdi.
Tadqiqotchilarning baholashlariga ko‘ra, kompaniyalar
smartfonlar savdosida muvaffaqiyatga erishishlarida ikki omil muhimdir:
qurilmaning ekrani katta bo‘lishi hamda narxi past bo‘lishi. Masalan, Xitoy va
Hindiston bozorlarida 150 AQSh dollaridan arzon bo‘lgan smartfonlar ko‘proq
ommalashmoqda. Savdoning o‘sishida ayni shular asosiy o‘rin tutmoqda.
Smartfonlardan tashqari umuman uyali telefonlar bozorida ham
Samsung oldinda; bu borada u savdo hajmini 2012-yilgiga nisbatan 9 foizga
oshirdi. Ikkinchi o‘rinda borayotgan Nokia esa aksincha – avvalgi yilgidan 25
foiz kam telefon sota oldi. Telefonlar savdosida eng yirik o‘sish ko‘rsatkichi
bo‘lsa LG kompaniyasida qayd etildi: u 2012-yilgiga nisbatan 23 foizdan oshib
ketdi.