Rossiyada to‘ylarni nazorat qiluvchi polisiya paydo bo‘ldi
Adigeya respublikasi ichki ishlar vazirligi to‘y kortejlarini nazorat qiluvchi maxsus bo‘linma shakllantirdi. Bu haqda Adigeya IIV boshlig‘i Aleksandr Rechiskiy TASS axborot agentligiga ma’lum qildi. Uning aytishicha, to‘y polisiyasining tashkil etilishi to‘y tadbirida boshqarib bo‘lmaydigan xursandchilik qilayotganlarni tinchlantirishga yordam beradi.
Tarkibiga 40 nafar polisiyachi, jumladan patrul-post xizmati, GIBDD, mahalliy nozirlar va surishtiruv organlari xodimlari kirgan bo‘linma avvaldan ma’lum qilingan to‘y kortejlarini nazorat qiladi. Polisiya naryadlari kelin-kuyovlar an’anaviy tarzda tashrif buyuradigan maydonlar, bog‘lar va jangovor shon-shuhrat joylarida qo‘yiladi. Bundan tashqari, kelin-kuyovlarning harakatlanishi aerostat yordamida havodan ham kuzatib boriladi. Vazir polisiyachilar o‘zlarini xushmuomala tutib, kortejlarni taqib qilmasliklariga va’da berdi.
Bunday polisiya bo‘linmasini tuzish fikri to‘ydagi mehmonlar tomonidan otishmalar uyushtirilayotgani holatlarining ko‘payib ketgani sababli yuzaga keldi. Joriy yilning boshidan to‘y kortejlari tomonidan otishmalar amalga oshirilgan ikkita holat qayd qilindi. Bunday holatlardan oxirgisi Maykop shahrida avgustda ro‘y berdi. 27 yoshli “mergan” qo‘lga olinib, sud unga 50 ming jarima to‘lash majburiyatini qo‘ydi va qurolini musodara qildi.