Rixsitilla Abdullaev “Hamma Ayollar Fohisha” degani uchun Baloga qoldi
O‘zbek milliy akademik drama teatri aktyori Rixsittilla Abdullaevning muxlisi ijtimoiy tarmoqlar orqali unga e’tiroz bildirdi, deb yozadi “Qalampir.uz”.
Bundan bir necha yil avval rejissyor Baxrom Yoqubov tomonidan suratga olingan “Sug‘diyona” filmida Rixsitilla Abdullaev Farrux Soipovga qarata “Hamma ayollar fohisha, meni tuqqan odamdan tashqari degan ekan bir italiyalik. Undan nima uchun bunday deyapsiz deb so‘rashsa, chunki meni onam tuqqan, u men uchun farishta degan ekan”, – deydi.
Instagram ijtimoiy tarmog‘i foydalanuvchilaridan biri Rixsitilla Abdullaevning shaxsiy sahifasiga yuqoridagi so‘zlarni eslatib izoh qoldirdi.
“Bir narsa hech yodimdan chiqmaydi. “Sug‘diyona” filmida bir italiyalik “faylasuf”ning “Barcha ayollar...” degan gapini aytgandingiz. Sizning ham qizingiz, singlingiz bo‘lsa kerak... Ertaga qizingiz shu filmingizni ko‘rib, o‘zingizdan ham so‘rar, balki... Tan olish kerak, rolni qoyilmaqom qilib o‘ynagansiz. Ammo biz o‘zbekmiz, bizning milliy qadriyatlarimiz, odob-axloqimiz, mentalitetimiz bor. To‘g‘ri kelgan gapni, to‘g‘ri kelgan joyda aytish bizga yarashmaydi”, – deya Abdullaevning fikri bilan qiziqqan.
Aktyor Rixsitilla Abdullaev muxlisining e’tirozlarini bee’tibor qoldirmadi.
“Bu bahsli masala. To‘g‘risi, u vaqtlarda kinoga endigina kirib kelgan edim. Mening fikrimni hech kim eshitmas edi. To‘g‘ri tushuning, bizni ssenariyda bor narsani ijro etishga majburlashadi. Hozir ancha ulg‘aydik, fikrimizni o‘tkazamiz”, – deb javob izohini yozdi aktyor.