Fohishalar muammosi hukumat darajasidagi jiddiy masalaga aylanmoqda
Asrlar davomida jamiyatga xavf solib kelayotgan fohishabozlik muammosi bugun ham dolzarbligicha qolmoqda. Yaqinda “Toshkent” telekanalida bo‘lib o‘tgan “Ochiq muloqot” ko‘rsatuvining navbatdagi sonida ushbu muammo tilga olindi.
Uchtepa tumani mutasaddilari bilan bo‘lgan ushbu muloqotda ikki tuman Chilonzor va Uchtepa o‘rtasidagi azaliy og‘riqli nuqta Qatortol “ayol” bozorining mahalliy aholi turmush tarziga salbiy ta’siri haqida to‘xtalib o‘tildi.
Tumanning huquq-tartibot organlari mutasaddilari tomonidan qo‘llanilayotgan chora-tadbirlarga qaramay, mazkur muammoning yechimi hamon izlanmoqda. O‘zbek ayoli sha’niga dog‘ tushiruvchi mazkur vaziyat masalasi yuzasidan qat’iy choralar ko‘rilishi vaqti kelmadimikan?!
Ushbu muammo davlat siyosati darajasida ko‘rilishi, senat a’zolari, deputatlar ishtirokida hal etilishi lozim. To‘g‘ri, bu muammoning kelib chiqish sabablari har bir odamning shaxsiy axloqiy tarbiyasiga bog‘liq. Menimcha, ushbu nozik masalaga o‘zgacha yondashuv kerak.
Jurnalistik faoliyatim davomida yengil hayot kechiruvchi ayollar toifasi bilan muloqotda bo‘lishga to‘g‘ri kelgan. Chet ellardan fohishalik bilan shug‘ullangani uchun deportatsiya qilingan ayollar tergov jarayonidagi ko‘rsatmalarida turmushda aldangani yoki kasalmand onasi va farzandlarini yolg‘iz parvarishlayotganini ro‘kach qilishganiga guvoh bo‘lganman. Qonunlarimizda belgilangan jazo choralari, uni belgilash tartiblari o‘ta insonparvarlik bilan amalga oshiriladi. Mazkur nozik masala yuzasidan javobgarlikka tortilgan ayollarga nisbatan eng yengil jazo choralari ko‘riladi. Ularning aksariyati majburiy mehnatga jalb etilib, jarima to‘lash shartlari bilan sud zalidan ozod etiladi.
Afsuski, bundan o‘zlariga tegishlicha xulosa qilish o‘rniga mazkur axloqiy jinoyat yo‘liga yana qayta kirib boradilar. Ular deportatsiya qilingani haqidagi ma’lumotlarni o‘chirish maqsadida zudlik bilan familiyalarini o‘zgartirib, pasportlarini yangilashadi. So‘ngra yana chet elga otalanadilar. Chet elga ketish yo‘rig‘ini qila olmaganlari esa “o‘rgangan ko‘ngil” deganlaridek jirkanch turmush tarzini shu yerda ham davom ettiraveradi.
Faqat qonun doirasida bunga jiddiy yondashish yo‘li bilan ushbu muammoni uzil-kesil bartaraf etish mumkin. Buning uchun mavjud qonunlarimizdagi jazo choralari jamoatchilik fikri, huquqshunoslar taklifi, deputatlar tashabbusi yordamida qayta ko‘rilishi maqsadga muvofiqdir.