Qozog‘istondagi tartibsizliklardan ko‘rilgan zararning umumiy miqdori, taxminiy hisob-kitoblarga ko‘ra, 91 million dollarni tashkil etmoqda, shundan 89,8 million dollari Olmaotaga to‘g‘ri keladi. Bu haqda mamlakatdagi “Atameken” tadbirkorlar milliy palatasi ma’lum qildi.
“Zarar, asosan, binolar fasadi va ichki qismining shikastlanishidan iborat, shuningdek, qimmatbaho mashinalar, jihozlar, interyer buyumlari, tovar zaxiralarini o‘g‘irlash bilan bog‘liq ko‘plab holatlar mavjud”, — deyiladi xabarda.
Respublika bo‘yicha jami 300 ga yaqin zarar ko‘rgan biznes xo‘jaligi aniqlandi, ular 43 ta obyektda joylashgan (shundan 12 tasi savdo-ko‘ngilochar markazlar va savdo uylarida). Eng ko‘p zarar savdo, umumiy ovqatlanish, transport, xizmat ko‘rsatish va moliya sektorida (bankomatlar) faoliyat yurituvchi korxonalarga yetkazilgan.
“Koramsak” qurol assotsiatsiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, Olmaotada oltita qurol do‘koni talon-taroj qilingan. Tashkilot tartibsizliklar davom etayotgani tufayli yetkazilgan zararning barchasini baholash qiyinligini ta’kidlagan.
Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev 6-yanvar kuni tartibsizliklar oqibatida yetkazilgan zararni hisoblash, ma’muriy binolar, ijtimoiy obyektlar, turar joy binolarini tiklashni boshlash, jabrlangan kichik va o‘rta biznesni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha topshiriq bergan edi.
Qozog‘istonda 2-yanvar kuni gaz narxi keskin oshishi sababli ommaviy norozilik namoyishlari boshlanib, bir necha kundan so‘ng ular tartibsizliklarga aylandi.
Olmaotada namoyishchilar xavfsizlik xodimlari bilan to‘qnashdi. 5-yanvar kuni tartibsizliklar ishtirokchilari shahar hokimligi binosiga bostirib kirgan, keyinroq u yerda va bosh prokuratura binosida yong‘in boshlangan. So‘ng ular politsiya boshqarmalari va Milliy xavfsizlik qo‘mitasiga hujum qilgan.
Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, tartibsizliklar chog‘ida huquq-tartibot idoralarining o‘ndan ortiq xodimi halok bo‘lgan. Qozog‘istonda jami mingdan ortiq odam jarohatlangan, deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligining xabarida.
Shu fonda To‘qayev butun mamlakat bo‘ylab favqulodda holat joriy qildi.