Qozog‘iston hukumati butun mamlakat bo‘ylab favqulodda holat e’lon qildi. 2-yanvardan beri davom etayotgan ommaviy norozilik namoyishlari tufayli shunday qarorga kelingan, deb yozmoqda “RIA Novosti”.
Bundan avval Olmaota shahri, Olmaota viloyati, Mang‘istov viloyati hamda Qozog‘iston poytaxti Nur-Sulton shahrida favqulodda holat joriy etilgandi. Favqulodda holat sharoitida mamlakatda 23:00 dan 07:00 gacha komendantlik soati amal qiladi. Bundan tashqari ommaviy yig‘ilishlar taqiqlangan.
NetBlocks servisi ma’lumotlariga ko‘ra, Qozog‘iston bo‘ylab internet uzib qo‘yilgan. Mobil aloqa ham deyarli ishlamayapti. Shuningdek, bir qancha telekanallarning efiri to‘xtatilgan.
Qozog‘istonda norozilik namoyishlari suyultirilgan gaz narxi ikki baravarga (60 tengedan 120 tengega) ko‘tarilganidan so‘ng boshlandi. 4-yanvar kuni Qozog‘istonda politsiya hamda gaz narxining keskin oshganiga qarshi chiqayotgan namoyishchilar o‘rtasida to‘qnashuvlar kuzatildi.
Keyinchalik gaz narxi tushirilgani ma’lum qilindi. Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev namoyish o‘tkazayotganlardan provokatsiyaga uchmaslikni so‘ragan, miting o‘tkazishning ham o‘z qonun-qoidalari borligini, ayniqsa hissiyotga beriladigan yoshlar qaltis va qonunga zid harakatlar bilan o‘z kelajagiga salbiy ta’sir ko‘rsatib qo‘yishi mumkinligi haqida ogohlantirgan.
Mamlakatda vaziyat baribir keskinlashishda davom etdi va Qozog‘iston prezidenti hukumat iste’fosini qabul qildi. 5-yanvarning ikkinchi yarmida To‘qayev Qozog‘iston xalqiga yana videomurojaat yo‘lladi va Xavfsizlik kengashi raisining vakolatlarini ham qabul qilib olgani, mamlakatdagi namoyishlar ortida moliyaviy qo‘llab-quvvatlanayotgan fitnachilar turganini ma’lum qildi.
To‘qayev fuqarolarga yo‘llagan murojaatida mamlakatdagi ommaviy tartibsizliklar paytida halok bo‘lganlar va jarohatlanganlar borligini ham aytgan.